Tramp Bagramni tushida qaytarib oladi – “Tolibon”

Olam

image

AQSHning Afg‘onistondagi Bagram bazasini qayta nazoratga olishi Prezident Donald Trampning “tushi” xolos va u shundayligicha qoladi. Bu haqda bugun, 4 fevral kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid ma’lum qildi.

Mujohid, shuningdek, Trampning Bagram bazasi hozir Xitoy tomonidan boshqarilayotgani haqidagi da’volarini ham rad etdi.

“Bu baza islom amirligi kuchlari qo‘lida. Afg‘oniston mustaqil va biz o‘z hududimizni hech qaysi davlatga topshirmaymiz. Bagram bizning o‘z kuchlarimiz nazoratida, Xitoyniki emas. Tramp Bagramni tushida qaytarib oladi. Amerika bu fikrdan ham, Ashraf G‘ani rejimini qayta tiklash g‘oyasidan ham voz kechishi kerak”, dedi Mujohid.

U, shuningdek, 2021 yil avgust oyida AQSH qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng qolib ketgan Amerika qurollari harbiy o‘lja sifatida qo‘lga kiritilganini ta’kidlab, ularni “mustaqillik va tuzumni himoya qilish uchun” ishlatilishini aytgan.

“Biz sobiq prezident Ashraf G‘ani ma’muriyati emasmiz. Siz nima buyursangiz, shuni bajarishimizni kutmang. AQSH bizga yetib kela olmaydi, lekin u propaganda tarqatmoqda. Ular o‘z mag‘lubiyatlarini unutishi oson emas. Trampning barcha bayonotlari saylov bilan bog‘liq edi, ammo endi u hokimiyatga qaytdi va asta-sekin vaziyat mohiyatini anglab bormoqda”, deydi Mujohid Qo‘shma Shtatlarga murojaat qilib.

Mujohid “Tolibon”ning xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmagani haqidagi savolga ham javob bergan. Unga ko‘ra, hozirgi boshi berk ko‘chada tuzumni ayblash noto‘g‘ri. Bir tomonning ruxsatisiz o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan harakatlar natija bermaydi. Davlatlar AQSH rahnamoligisiz mustaqil ravishda munosabat o‘rnata olmaydi. Hatto BMT Xavfsizlik Kengashi ham, BMTning o‘zi ham AQSH ta’siri ostida. Ammo hozirgi keskin vaziyatga qaramay, “Tolibon” 40 ta davlat bilan diplomatik aloqalarga ega.

Bundan tashqari, u mamlakat, ayniqsa poytaxtdagi tarang vaziyat haqidagi xabarlarga ham javob qaytarib, “Tolibon” kuchlarini “chalg‘imaslik” va “media targ‘ibotining qurboni bo‘lmaslik” haqida ogohlantirgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 21 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida Bagram aviabazasi dunyodagi eng yirik harbiy bazalardan biriligini, unga milliardlab dollar mablag‘ sarflanganini va uni qaytarib olish niyatida ekanini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Bagramdan bir soatlik masofada joylashgan bo‘lib, xitoyliklar u yerda yadro qurollari ishlab chiqarmoqda va ayni paytda bazani o‘z nazoratiga olgan.

“Men ham (Afg‘onistondan) chiqishni rejalashtirgan edim. 21 yildan so‘ng albatta ketish kerak. Lekin, men Bagramni saqlab qolgan bo‘lardim. U Xitoyning yadro qurollarini ishlab chiqarayotgan hududidan bir soatlik masofada joylashgan. Biz uni ularga shunchaki ahmoqona topshirdik”, degandi Tramp o‘shanda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida “Tolibon” Afg‘onistondagi AQSHning sobiq harbiy-havo bazasi Bagramda hokimiyatga qaytganining uch yilligini nishonlab, yirik harbiy parad o‘tkazgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Bagram Donal'd Tram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing