Trampga Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida sammit o‘tkazish taklif qilindi

Jamiyat

image

AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Xyoyzenga Prezident Donald Trampga diplomatik forumning 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda S5+1 sammitini o‘tkazishga chaqirgan maktub yo‘llashdi. Bu haqda Kongress a’zosi Kamlager-Davning rasmiy veb-sayti xabar berdi.

2015 yilda tashkil etilgan S5+1 forumi AQSHning Markaziy Osiyoning beshta davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorligi uchun ko‘p tomonlama platforma hisoblanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil etilganidan beri har yili uning yig‘ilishlarida qatnashadi.

Maktubda kongressmenlar forumning yubileyi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash va AQSHning mintaqadagi xavfsizlik, iqtisodiyot, yumshoq kuch va boshqaruv sohalarida strategik manfaatlarini ilgari surish uchun noyob imkoniyat ekanini ta’kidlagan.

“Prezidentning S5+1 sammitidagi shaxsiy ishtiroki forumning 10 yilligini muhim diplomatik lahzaga aylantirishi va AQSH-Markaziy Osiyo munosabatlarining keyingi o‘n yillikdagi yo‘nalishini belgilashi mumkin”, deyiladi maktubda.

Qonunchilar, shuningdek, ma’muriyatni Markaziy Osiyo bilan uzoq yillik hamkorlik yo‘nalishlarini mustahkamlovchi aniq sammit natijalari va kelishuvlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, S5+1 formati aslida 2015 yilda tashkil etilgan. O‘shandan beri 2023 yil 19 sentyabrda birinchi marta davlat rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazildi. Tadbirda AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 27 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79 yillik sessiyasi doirasida S5+1 mintaqaviy diplomatik platformasi shafeligida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari hamda AQSH Davlat kotibi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Markaziy Osiyo Sidni Kamlager-Dav Bill Xyoyzenga S5+1 sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing