Trampdan keyin Rubio ham Lavrovga qo‘ng‘iroq qildi
Olam
−
17 fevral 6696 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 15 fevral kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali gaplashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. Muloqot AQSH tarafining tashabbusi bilan tashkillashtirildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti va Rossiya TIV xabar berdi.
Suhbat o‘tgan hafta boshida AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi suhbatdan keyin bo‘lib o‘tdi. Davlat departamenti bayonotida ta’kidlanishicha, Davlat kotibi Prezident Trampning Ukrainadagi mojaroga chek qo‘yishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
“Bir qator boshqa ikki tomonlama masalalar bo‘yicha hamkorlikda potensial ish olib borish imkoniyatlari muhokama qilindi”, deyiladi Davlat departamenti xabarida.
Moskva esa Rubio va Lavrov AQSHning avvalgi ma’muriyati tomonidan qo‘yilgan “bir tomonlama to‘siqlarni” olib tashlashni muhokama qilganini ma’lum qildi.
“Obama ma’muriyati tomonidan 2016 yilda AQSHda Rossiya diplomatik vakolatxonalari faoliyati uchun shart-sharoitlarni maksimal darajada qiyinlashtirish (bu esa, albatta, javob choralarini ko‘rishga olib keldi) siyosatiga tezda chek qo‘yish yo‘llari bo‘yicha fikr almashildi, Rossiya va AQSHning xorijiy vakolatxonalari faoliyatidagi to‘siqlarni o‘zaro bartaraf etish bo‘yicha aniq qadamlarni kelishish uchun yaqin vaqt ichida ekspertlar uchrashuvini tashkil etishga kelishib olindi. Lavrov va Rubio prezidentlar belgilagan ohangga muvofiq o‘zaro hurmat asosidagi davlatlararo muloqotni tiklash uchun hamkorlik qilishga tayyor ekanini tasdiqladi. Muntazam aloqalar, jumladan, Rossiya-Amerika sammitiga tayyorgarlik haqida kelishib olindi”, deyiladi TIV bayonotida.
Rubio va Lavrovning suhbati yaqin kunlarda Saudiya Arabistonida Amerika va Rossiya rasmiylarining uchrashuvi rejalashtirilgani haqidagi xabarlar fonida bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerikaning “Axios” portali manbalariga tayanib, ertaga, 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida AQSH va Rossiya vakillarining Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tishini, AQSH delegatsiyasi tarkibiga Davlat kotibi Marko Rubio, Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff kirishini, Rossiya tomonidan esa katta ehtimol bilan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashishini xabar qilgandi. “Bloomberg” agentligiga ko‘ra, u yerda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham bo‘ladi. Bundan tashqari, muzokaralarni Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, AQSHda tahsil olgan va ishlagan Kirill Dmitriyev boshqarmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr