Tramp yettinchisi. AQSH prezidentlarini o‘ldirish kimga kerak? 

Tahlil

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixida 46 prezident Oq uyga rahbarlik qilgan bo‘lib, ulardan 4 nafari o‘ldirilgan, 3 nafari esa suiqasd oqibatida yaralangan. Prezidentlar joniga suiqasd qilishga  Amerika hukumati siyosatini o‘zgartirish istagi sabab bo‘lgani aytiladi. Biroq mutaxassislar bunday hujumlarning hammasi ham siyosiy sabablarga ega emasligini ta’kidlaydi. Chunki ba’zi qotillarning ruhiy salomatligi shubha ostida bo‘lib, rasmiy ravishda aqldan ozgan, deb topilgan.

Jumladan, tarixshunos Jeyms Klark suiqasd uyushtirishga urinishlarning ko‘pchiligi ma’lum bir maqsad yo‘lida va siyosiy sabablarga ko‘ra bo‘lganini aytgan. Adliya vazirligining huquqiy qo‘llanmasida esa prezidentga hujumlar ko‘proq aqli noqislar tomonidan uyushtirilgani bildirilgan. Keling, Amerika prezidentlariga qilingan suiqasdlar tafsilotini ko‘rib chiqamiz. 

Avraam Linkoln (Respublikachilar partiyasidan)

Prezident Linkolnga qilingan suiqasd mutlaqo siyosiy tusdagi hujum edi. 1865 yilning 14 aprel oqshomida Avraam Linkoln "Bizning amerikalik amakivachchamiz" komediyasining maxsus spektaklida qatnashayotganda otib tashlandi. Qotil Jon Uilks But – Vashingtondagi Ford teatrining mashhur aktyori bo‘lgan. But Konfederatsiyaga xayrixoh bo‘lib, Prezident Linkolndan ochiqchasiga nafratlangan. Linkolnni qoralar ekan, But o‘sha paytda Qo‘shma Shtatlarda qullik bekor qilinganidan afsusdaligini bildirgan. 

Butning sherigi Lyuis Pauell Lafayette maydonidagi uyida Linkolnning davlat kotibi Uilyam Genri Syuardga hujum qilgan. Pauell kotibning tomog‘ini ikki marta kesib tashlagan, Syuardning o‘g‘li Avgustga ham jarohat yetkazgan. Syuard jarrohlik amaliyoti tufayli  asrab qolindi. (Kotib yana yetti yil yashadi, bu vaqt ichida hokimiyatdagi o‘rnini saqlab qoldi va 1867 yilda Alyaskani Rossiyadan sotib oldi). Suiqasdda qatnashgan 5 nafar fitnachi o‘ldirilgan. But Virjiniya shtatida, omborxonaga yashiringanida otib o‘qqa tutib o‘ldirildi, qolgan to‘rtta sheriklari dorga osildi. 

Jeyms Garfild (Respublikachilar partiyasidan)

AQSHning 20-prezidenti Jeyms Garfildga suiqasd Vashingtondagi Baltimor va Potomak temir yo‘l vokzalida, 1881 yil 2 iyul soat 9:20 da, u lavozimga kirishganidan to‘rt oy o‘tmay sodir bo‘lgan. Prezident vokzalga kelayotganda yozuvchi va huquqshunos Charlz Gito uni to‘pponcha bilan ikki marta otib tashlagan. Birinchi o‘q prezidentning yelkasini, ikkinchisi esa uning belini teshib o‘tgan. Garfild Oq uyda bir necha hafta chalajon holda yotdi. Telefon ixtirochisi Aleksandr Grem Bell o‘zi ishlab chiqqan elektr moslamasi bilan tanadagi o‘qni topishga urinib ko‘rgan. Prezident Garfild 1881 yil 19 sentyabrda hujumdan 79 kun o‘tib, infeksiya va ichki qon ketishdan vafot etdi. 

Qotil Gito darhol hibsga olingan. Sud-tergov paytida Gitoning ruhiy muvozanati buzilgan va neyrosifilisdan aziyat chekayotgani aniqlandi. U Fransiyaga elchi etib tayinlanganidan hafsalasi pir bo‘lgani sababli Garfildni otib tashlaganini da’vo qilgan. 1881 yil 14 noyabrdan 1882 yil 25 yanvargacha davom etgan ommaviy sud jarayonidan so‘ng Gito aybdor deb topilib, o‘limga hukm qilindi. 1882 yil 30 iyunda Kolumbiya okrugida otishmaning bir yilligiga ikki kun qolganda osib o‘ldirildi.

Uilyam Mak-Kinli (Respublikachilar partiyasidan) 

1901 yil 6 sentyabr kuni soat 16:07 da Nyu-Yorkning Buffalo shahridagi Musiqa ibodatxonasida AQSHning 25-prezidenti Uilyam MakKinli o‘ldirildi. Panamerikan ko‘rgazmasida qatnashayotgan MakKinli ro‘mol ostida yashiringan 32 kalibrli to‘pponcha bilan qurollangan anarxist Leon Cholgosh tomonidan 2 marta otib tashlandi. Bir necha kunlik og‘riqlardan keyin 1901 yil 14 sentyabrda soat 2:15 da vafot etdi.

Cholgoshning harakatlari siyosiy sabablarga ko‘ra bo‘lgani aytiladi. U Amerika jamiyatida ulkan adolatsizlik bor deb hisoblar, unda boylar kambag‘allarni ekspluatatsiya qilish orqali boyiydi, degan ishonch bor edi. Cholgosh bunga hukumat tuzilmasi sabab degan xulosaga kelgan. O‘sha vaqtda Italiya qiroli Umberto I ning anarxist Gaetano Breshchi tomonidan otib o‘ldirilgani haqidagi xabar unga kuch bergan. Cholgosh ikki kun davom etgan sudda aybdor deb topilib, 1901 yil 29 oktyabrda Obern qamoqxonasida elektr stulga o‘tkazilib, qatl etilgan.

Jon Kennedi (Respublikachilar partiyasidan)

Asr jinoyati nomini olgan qotillik – Amerikaning 35-prezidenti Jon Kennediga suiqasd 1963 yil 22 noyabr kuni soat 12:30 da Dallasda (Texas) saylovoldi uchrashuvlar vaqtida sodir bo‘lgan. Mashinada kelayotgan prezidentni sobiq AQSH dengiz piyodasi va amerikalik defector Li Xarvi Osvald Texas maktabi kitob omborining oltinchi qavatidan otib o‘ldirgan.

Ushbu qotillik AQSH tarixidagi eng sirli jinoyatlardan biridir. Prezident Jon Kennedi o‘ldirilishidan bir soat o‘tmay, J. D.Tippit Texas shtatining Dallas shahrida, Oak Cliff turar-joy mahallasida otib o‘ldirilgan. Osvald dastlab Tippitni o‘ldirganlikda ayblanib hibsga olingan edi, keyinchalik Kennedini ham o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. Biroq Osvald sudga olib chiqilmasdan oldin Dallas politsiyasi shtab-kvartirasi yerto‘lasida Jek Rubi tomonidan o‘ldirilgan. Sud jarayonida Rubi aybdor deb topildi va o‘limga hukm qilindi. Rubining sudlanganligi va o‘lim hukmi apellyatsiya tartibida bekor qilindi va unga yangi sud tayinlandi. Ammo u 1967 yilda saraton kasalligi tufayli qamoqda vafot etdi.

80 foiz amerikaliklar Kennedi o‘limida siyosiy fitna borligiga ishonadi. 

Teodor Ruzvelt (Respublikachilar partiyasidan) 

1912 yil 14 oktabrda prezidentlik vazifasini tark etganidan uch yarim yil o‘tgan Teodor Ruzvelt prezidentlik saylovoldi tashviqotlarida ishtirok etayotgan mahal, otib ketildi. Ruzveltni bir necha hafta davomida ta’qib qilib yurgan nyu-yorklik salon qorovuli Jon Shrank 38 kalibrli to‘pponcha bilan o‘ldirishga urindi. Ruzveltning ko‘krak cho‘ntagidagi 50 sahifali saylovoldi nutqi va metall ko‘zoynak qutisi o‘qni sekinlashtirib, uning hayotini saqlab qoldi. Shrank darhol qurolsizlantirilib, qo‘lga olindi. Agar Ruzvelt Shrankning sog‘-omon qolishini so‘rab qichqirmaganida, ehtimol xavfsizlik kuchlari uni o‘ldirishi mumkin edi. 

Tajribali ovchi va anatom sifatida Ruzvelt o‘q tanaga xavfli jarohat yetkazmaganini taxmin qildi va zudlik bilan kasalxonaga borish taklifini rad etdi. Suiqasddan keyin 84 daqiqa davomida yaralagan holda nutq so‘zladi. Shundan so‘ng zondlar va rentgenogrammalar o‘q Ruzveltning ko‘krak mushagiga tiqilib qolgani aniqlandi. Shifokorlar, o‘qni olib tashlashga urinishdan ko‘ra, uni joyida qoldirish xavfsiz, degan xulosaga keldi va o‘q Ruzveltning butun hayoti davomida tanasida qoldi.

Shrank sud-tergov davomida rasmiy ravishda aqldan ozgan deb topildi va vafot etguniga qadar ruhiy davolash muassasasiga joylashtirildi.

Ronald Reygan (Respublikachilar partiyasidan)

1981 yil 30 martda Ronald Reygan Vashington Xilton mehmonxonasida nutq so‘zlab, limuziniga qaytayotganida, Jon Xinkli unga qarata oltita o‘q uzib, Reygan va yana uch kishiga zarba berdi. Hodisa oqibatida Reygan og‘ir yaralandi. O‘lim bilan olishayotgan prezidentni Jorj Vashington universiteti kasalxonasiga olib kelishdi. Shoshilinch ekspluatatsion jarrohlik amaliyotidan keyin holati barqarorlashdi. Reygandan tashqari Oq uy matbuot kotibi Jeyms Bredi, Maxfiy xizmat agenti Tim Makkarti va politsiya zobiti Tomas Delahanti ham yaralangan. Ularning uchalasi ham tirik qoldi, ammo Bredi miyasiga shikast yetgani sabab bir umrga nogiron bo‘lib qoldi. 

Xinkli darhol hibsga olindi va ruhiy kasal bo‘lgani sabab aybsiz deb topildi. Xinkli aktrisa Jodi Fosterni hayratda qoldirish uchun Reyganni o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytgan. U ruhiy muassasaga majburiy davolash uchun yotqizilgan. 2016 yil 10 sentyabrda, suiqasddan 35 yil Xinkli psixiatriya muassasasidan chiqarildi.

Donald Tramp (Respublikachilar partiyasidan)

2024 yil 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Butler shahrida bo‘lib o‘tgan miting chog‘ida minbarga chiqib nutq so‘zlayotgan sobiq prezident Donald Tramp birdan qo‘lini qulog‘iga bosib yerga yiqildi. Xavfsizlik kuchlari uni sahnadan olib chiqayotgan paytda Trampning qulog‘i va yuzidan qon oqayotgan edi. Trampga o‘q uzgan odam va bir tomoshabin halok bo‘ldi, yana ikki nafar odam og‘ir jarohat oldi. 

Trampga suiqasd tafsilotlari, uning ortida kim turgani hozircha noma’lum. Qotillik qilishga uringan yigitning o‘ldirilishi ishni yana-da murakkablashtirishi mumkin. Qiziq keys –  2020 yilda Tramp Oq uy foyesidan ikki sobiq davlat rahbari – 42-Prezident Bill Klinton va 43-Prezident kichik Jorj Bushning portretini olib tashlatgan, ularning o‘rniga Uilyam Mak-Kinli va Teodor Ruzvelt suratini ilib qo‘ygan edi. Bu ikki prezident ham o‘z vaqtida suiqasdga uchragan.

Ba’zi insonlarda “shov-shuv ko‘tarish va qahramonga aylanish maqsadida Trampning o‘zi uyushtirgan”, degan taxminlar ham yo‘q emas. Suiqasddan hali 1 sutka ham o‘tmay turib, Trampning o‘ng qo‘lini ko‘tarib turgan suratlari futbolkalarga tushirildi, internetda mem yasaldi, giflar paydo bo‘ldi. Undan tashqari, Tramp partiyasi qurol olib yurishni taqiqlash niyatida edi. Bayden partiyasi bunga qarshilik qilib keladi. 

Prezidentlarga qilingan suiqasddan kim manfaatdor?

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentiga tahdid qilish 1917 yildan beri federal jinoyat hisoblanadi. Garchi, shu paytgacha faqat respublikachi partiya prezidentlariga nisbatan suiqasd uyushtirilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik bunda demokratlarni ayblamaydi. Chunki, AQSH qonunchiligiga ko‘ra, Prezident lavozimidan ketganda uning o‘rniga prezidentning siyosiy partiyasiga mansub nomzod keladi. Shu sababdan prezidentning o‘limi siyosatda katta o‘zgarishlarga olib kelishi dargumon. Siyosiy guruhlar va qarama-qarshi partiyalar bunday hujumlarni uyushtirmaydi va amaldagi prezidentning o‘limidan manfaatdor emas. 

Mutaxassislar Amerika prezidentlarini “dushman davlatlar” yoki xalqaro jinoiy tashkilotlar uyushtirgan, degan fikrdan yiroq. 

Trampga uyushtirilgan suiqasddan so‘ng turli versiyalar urchimoqda. Ayrimlar mazkur holatdan sobiq prezident saylovchilar orasidagi mashhurligini oshirish uchun foydalanishi mumkinligini aytmoqda. Bayden jamoasi ham Tramp bilan bog‘liq keysdan foydalanib, qurol olib yurishni taqiqlash haqidagi pozitsiyasini mustahkamlashi mumkin. Suiqasdni amalga oshirgan Tomas Metyu Kruks atigi 20 yoshda bo‘lgani bunda qo‘l kelishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Teodor Ruzvel't Jeyms Garfil'd Avraam Linkol'n Ronal'd Reygan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing