Tramp Adliya vaziri sifatida shaxsiy advokatini tanladi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 42 yoshli konservativ kongressmen Mett Gets o‘z nomzodini qaytarib olgach, AQSH Adliya vaziri va Bosh prokurori lavozimiga nomzod sifatida Pem Bondini tanladi. Bu haqda u o‘zining Truth Social sahifasida ma’lum qildi.

“Men Florida shtatining sobiq bosh prokurori Pem Bondini AQSHning navbatdagi Bosh prokurori deb e’lon qilishdan mamnunman. Pem qariyb 20 yil davomida prokuror bo‘lgan, zo‘ravon jinoyatchilarga qarshi kurashgan va Florida oilalari uchun ko‘chalarni xavfsiz qilgan. Keyin Florida shtatining birinchi ayol Bosh prokurori sifatida u giyohvand moddalar savdosini to‘xtatish uchun ishladi. U shu qadar ajoyib ish qildiki, men hatto undan birinchi muddatim davomida Opioid va giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish bo‘yicha komissiyamizda xizmat qilishini so‘raganman. Biz ko‘p odamlarning hayotini saqlab qoldik! Pemni ko‘p yillardan beri bilaman, u aqlli va qattiqqo‘l hamda Bosh prokuror sifatida yaxshi ishlarni amalga oshiradi”, degan u.

Pem Bondi 2011 yildan 2019 yilgacha aholisi eng ko‘p bo‘lgan Florida shtatining bosh prokurori bo‘lib ishlagan. 59 yoshli Bondi, shuningdek, Trampning birinchi impichmenti paytida, Ukrainaga Prezident Jo Bayden tomonidan yuborilgan harbiy yordamni to‘xtatib, korrupsiya bo‘yicha tergov boshlash uchun bosim o‘tkazishda ayblangan paytda ham uning yuridik guruhining bir qismi bo‘lgan. Keyinroq Tramp Senat tomonidan oqlangan.

Bondi yaqinda Amerika Birinchi siyosat institutining yuridik bo‘limiga rahbarlik qildi, Tramp kampaniyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, o‘zining kelayotgan ma’muriyati uchun siyosatni shakllantirishga yaqindan yordam bergan. “The Voice of America”ning yozishicha, Bondining faoliyati an’anaviy prokurorlik tajribasiga ega bo‘lmagan va Senatdagi demokratlar hamda ba’zi respublikachilarning qarshiliklariga duch keladigan Getsnikidan farq qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kongressmen Mett Gets AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp tomonidan AQSH Adliya vaziri va Bosh prokurori lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodini qaytarib olgandi. U voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lganlikda, shuningdek, ayollarga jinsiy xizmatlar uchun pul to‘laganlikda va giyohvand moddalarni iste’mol qilganlikda ayblanmoqda. Vakillar Palatasining Etika qo‘mitasi tergovi 2021 yil aprel oyida boshlangan. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, Gets ishi yuzasidan o‘ndan ortiq guvohlar so‘roq qilingan, 25 ta sudga chaqiruv qog‘ozi chiqarilgan va Gets tergoviga oid minglab sahifali hujjatlar ko‘rib chiqilgan. Uning raisi Maykl Gestning 13 noyabr kuni jurnalistlarga aytishicha, AQSH Senati Getsni Bosh prokuror etib tasdiqlagach, qo‘mitaning tergov bo‘yicha yurisdiksiyasi avtomatik ravishda tugashi mumkin edi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuror Donal'd Tramp Adliya vaziri Pem Bondi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing