Tramp YeIga ham bojlar bilan tahdid qilmoqda
Olam
−
03 fevral 4580 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp tez orada Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlarga bojlar joriy etish niyatida. Bu haqda u kecha, 2 fevral kuni ma’lum qildi.
“Menda jadval yo‘q, lekin bu juda tez sodir bo‘ladi”, dedi Tramp.
Prezident Yevropa Ittifoqi AQSHdan foydalandi, deb shikoyat qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning YeI bilan savdo kamomadi 300 milliard dollarga yetgan.
“Atlantika okeanining narigi tomonidagi hamkor AQSHdan hech qanday mashina yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib ketmaydi, Qo‘shma Shtatlar esa “hamma narsani oladi”, deb tushuntirdi Oq uy rahbari.
Bundan bir kun avval Tramp Kanada, Xitoy va Meksikadan kelgan mahsulotlarga bojlar joriy qilgan edi. Qo‘shma Shtatlarga qo‘shni Kanada va Meksika tovarlari uchun stavka 25 foizgacha bo‘ladi, Kanada energiya resurslari uchun stavka esa 10 foiz qilib belgilangan. Xuddi shu o‘n foizlik stavka Xitoydan kelgan tovarlarga ham nisbatan qo‘llaniladi.
Bu harakat nafaqat Ottava, Pekin va Mexikoda tanqidga uchradi. Qo‘shma Shtatlardagi qator kasaba uyushmalari Vashington pozitsiyasini qoraladi.
Yevropa Ittifoqi Trampning qaroridan afsusda ekanini bildirdi va Bryussel nohaq yoki o‘zboshimchalik bilan tariflarni joriy qilgan har qanday savdo sherigiga “qat’iy javob berishi” haqida ogohlantirdi.
Qayd etish joiz, Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen yanvar oyida Oq uyni Yevropa bilan savdo urushini boshlashdan ogohlantirgan, ammo muzokaralarga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni Donald Tramp BRICS davlatlariga ham xalqaro to‘lov vositasi sifatida AQSH dollaridan voz kechsa, 100 foizlik bojlar joriy qilish bilan tahdid qilgandi.
Live
Barchasi