Tramp Yaponiyadagi amerikalik harbiylar oldida raqsga tushdi (video)
Olam
−
28 Oktabr 2025 6817 2 daqiqa
Bugun, 28 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Yokosuka harbiy-dengiz bazasida joylashgan USS George Washington atom avianosetsida xizmat qilayotgan harbiylar oldida raqsga tushdi. Oq uy Trampning avianosetsdagi nutqini jonli efirda namoyish etdi.
AQSH Prezidenti harbiylar oldida nutq so‘zlagan va yakunda o‘ziga xos uslubdagi raqsni ijro etgan. Klassik kostyum va USA yozuvi tushirilgan oq kepkada bo‘lgan Tramp musiqa ohangiga mos ravishda havoda mushtlarini silkib, belini qimirlatib, auditoriyaga minnatdorlik bildirgan.
Raqs boshlanishi bilan harbiylar quvonch bilan qichqirib yuborgan, ko‘pchilik uni telefonlariga videoga olgan, ba’zilari esa Tramp bilan birga ritmga mos ravishda qo‘llarini harakatlantirib, unga qo‘shilgan.
Tramp Village People guruhining mashhur Y.M.C.A. qo‘shig‘i ostida raqsga tushgan. U bu qo‘shiqni 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasi davrida ham tez-tez qo‘llagan va o‘tgan yil noyabr oyida saylovdagi g‘alabasidan keyingi chiqishini ham aynan shu qo‘shiq bilan yakunlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp Malayziyaga raqs bilan kirib borgani haqida xabar berilgan edi. U Kuala-Lumpurda qizil gilam bilan kutib olingan. Air Force One samolyoti qo‘ngach, Amerika va Malayziya bayroqlarini ko‘targan maxsus mezbonlar Prezidentni qo‘l silkib qarshi olgandi.
Qayd etish joiz, ayni damda Tramp Osiyo safarini amalga oshirmoqda. U joriy yilning 26 oktyabr kuni Malayziyaga yetib borgan. Tramp mamlakat Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashib, ASEAN yetakchilarining ishchi kechki ovqatida ishtirok etgan.
Kecha, 27 oktyabr kuni Tramp Tokioga borgan. Ertaga, 29 oktyabr kuni AQSH yetakchisi Pusanga uchib ketadi va u yerda Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, Oq uy rahbari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida nutq so‘zlaydi. Mahalliy vaqt bilan 30 oktyabr kuni Prezident Vashingtonga qaytishdan oldin Xitoy Raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama uchrashuvda ishtirok etadi.
Live
Barchasi