Tramp yaqin orada “urush” boshlanishini e’lon qildi
Olam
−
13 dekabr 13131 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesueladagi narkokartellarga qarshi tez orada quruqlikdan zarbalar berilishini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 12 dekabr kuni 1980 yilgi erkaklar xokkey terma jamoasi a’zolarini taqdirlash marosimida aytib o‘tdi.
“Biz suv yo‘llari orqali kirib kelayotgan narkotiklarning 96 foizidan qutuldik. Endi quruqlikdan ish boshlayapmiz, quruqlikda bu ancha oson. Bu jarayon tez orada boshlanadi. Bu nafaqat Venesuelaga qaratilgan quruqlik zarbalari bo‘ladi, balki narkotik olib kelib, odamlarimizni o‘ldirayotgan yomon odamlarga qarshi quruqlikdagi zarbalar bo‘ladi”, degan Tramp.
So‘nggi oylarda AQSH Karib dengizi mintaqasiga qo‘shin va kuchlarni jamlagan, sentyabrdan boshlab esa Vashingtonning iddaosiga ko‘ra, narkotrafikka aloqador bo‘lgan kemalarga zarbalar bera boshlagan. Noyabr oxirida Tramp Venesuela ustidagi havo hududi yopilganini e’lon qilgan, biroq keyinroq bu mamlakatga zarba berilishi muqarrar degani emasligini aytgan.
Venesuela TIV buni kuch ishlatish bilan tahdid va BMT nizomini buzish sifatida baholagan hamda AQSHni Venesuela bilan mojaroga borishdan tiyilishga chaqirgan.
Shu hafta Tramp Venesuela qirg‘oqlari yaqinida neft tashuvchi tanker qo‘lga olingani haqida ham xabar berdi. “The New York Times” ma’lumotiga ko‘ra, gap Skipper nomli tanker haqida bormoqda, u joriy yilning fevralidan iyuligacha Erondan Xitoyga qariyb 2 million barrel xom neft tashigan.
Tramp Maduro hokimiyati yakuniga yaqinlashayotganini aytgan. Venesuelada Qurolli kuchlarga safarbarlik e’lon qilingan, Maduro esa AQSHni tinchlikka chaqirmoqda. OAV ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oxirida Tramp venesuelalik yetakchi bilan suhbatda agar Maduro ixtiyoriy ravishda lavozimini tark etmasa, kuch ishlatishga tayyor ekanini bildirgan.
Moskva Karakasni qo‘llab-quvvatlamoqda va Tramp ma’muriyatini Venesuela bilan to‘liq miqyosli mojaroga yanada yaqinlashmaslikka chaqirmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kuni Maduro bilan telefon orqali gaplashgan. Kreml xabariga ko‘ra, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Maduroning aytishicha, Putin Venesuela suverenitetini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini “qo‘llab-quvvatlagan”. Venesuela rahbari Rossiya Prezidentini “katta aka va do‘st” deb atagan.
Live
Barchasi