Tramp Venesuelaga yettita harbiy kema yubordi – “Axios”
Olam
−
30 avgust 4278 3 daqiqa
Kecha, 29 avgust kuni AQSH harbiy-dengiz kuchlari yettita kemani “narkotrafikka qarshi kengaytirilgan operatsiya” doirasida Karib havzasining janubiy qismiga – Venesuela yaqiniga yubordi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi vakiliga tayanib, “Axios” xabar berdi.
“Axios” o‘z manbalariga tayanib, kemalarning soni yettita ekanini yozmoqda. Jumladan, uchta esminets va kamida bitta zarba beruvchi suvosti kemasi bor. “The Washington Post” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, flot tarkibiga 8 ta kema – uchta esminets, ikkita desant kemasi, desant vertolyot tashuvchi, kreyser va qirg‘oqbo‘yi jangovar kemasi kiradi. Kemalarning bir qismi allaqachon mintaqada joylashgan, bir qismi esa u yoqqa ketmoqda.
AQSH dengiz kuchlari kemalar aniq qayerda harakat qilishi haqida aniqlik kiritmagan. “The Washington Post” manbasining aytishicha, esminetslar “to‘g‘ridan to‘g‘ri Venesuela qirg‘oqlari yonida” joylashmagan. Ulardan ikkitasi Karib dengizining sharqiy qismida, yana biri esa Tinch okeanida Panama qirg‘oqlari yaqinida o‘rnashgan.
Esminetslarda AQSH Sohil qo‘riqchilari bo‘linmalari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari joylashtirilgan bo‘lib, ular Lotin Amerikasida narkokartellarni qo‘lga olish bo‘yicha missiyalar o‘tkazishda qatnashadi. “Axios” va “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, kemalarda 4500 nafar harbiy xizmatchi bor, jumladan, 2200 dengiz piyodalari.
“Reuters”ning qayd etishicha, kuchlarning bu darajada to‘planishi mintaqadagi odatdagi joylashtirishdan ancha yuqori. Venesuela joriy yilning 28 avgust kuni AQSH harbiy-dengiz kuchlarining kuchaytirilishiga qarshi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga shikoyat qilgan va kemalar joylashtirilishini “harbiy aralashuvni oqlash uchun keng ko‘lamli targ‘ibot operatsiyasi” deb atagan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Venesuelada saylovlar bo‘lib o‘tdi. Ularning yakuniga ko‘ra Milliy saylov kengashi 2013 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan Nikolas Maduroni g‘olib deb e’lon qildi. Venesuela muxolifati esa aksincha, saylovchilarning ko‘pchiligi Edmundo Gonsalesni qo‘llaganini ta’kidlamoqda. AQSH saylov natijalarini tan olmadi va Maduroni qonuniy prezident deb hisoblamaydi. Unga va ayrim yuqori martabali venesuelalik amaldorlarga AQSHda pul yuvish va narkotik kontrabandasi bo‘yicha jinoiy ishlar ochilgan. Xususan, joriy yilning iyul oyida AQSH Moliya vazirligi Maduroni Venesuelaning “Cá de los Soles” karteliga rahbarlik qilganlikda aybladi va bu guruhni terrorchilik tashkiloti deb tan oldi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi inqiroz Donald Trampning ikkinchi muddatga qaytishi va uning deportatsiya siyosati bilan yanada keskinlashdi. 2025 yil mart oyida AQSHdan yuzlab migrantlar deportatsiya qilindi, ularning katta qismi Venesuela fuqarolari edi. Tramp administratsiyasi ularni Venesuelaning “Tren-de-Aragua” to‘dasi a’zolari deb e’lon qildi. Fevral oyidan buyon jami qariyb sakkiz ming venesuelalik AQSHdan deportatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq CNN Pentagondagi manbalarga tayanib AQSH Qurolli kuchlari Lotin Amerikasi va Karib dengizi suvlariga narkokartellarga qarshi kurashish uchun 4 mingdan ortiq dengiz piyodasi va harbiy dengizchilarni jo‘natayotganini xabar qilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr