Tramp Venesuelaga borayotgan va kelayotgan barcha kemalarga blokada e’lon qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuelaga yo‘l olgan va undan chiqayotgan, AQSH sanksiyalari ostiga olingan neft tankerlariga nisbatan dengiz blokadasi joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Trampga ko‘ra, u sanksiyaga tushgan barcha neft tankerlariga qarshi “to‘liq va mutlaq blokada” o‘rnatish buyrug‘ini bergan. Venesuela hukumati bunga javoban bu qarorni mutlaqo mantiqsiz deb atab, u savdo va dengizda erkin suzish tamoyillarini buzishini bildirgan. 

Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati kuz oylarida Karib dengizida, Venesuela sohillari yaqinida AQSH tarixidagi mintaqa uchun eng yirik dengiz guruhini, jumladan, eng katta aviatsiya tashuvchisi bo‘lgan “Jerald F. Ford” boshchiligidagi kemalar guruhini joylashtirgan edi va buni narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurash bilan izohlagan. Tramp keng bayonotida Venesuela rahbari Nikolas Maduro boshchiligidagi hukumatni AQSHga tegishli bo‘lgan neft konlarini egallab olishda, terrorizm, narkotrafik, odam savdosi va qotilliklarda aybladi hamda Venesuela Janubiy Amerika tarixidagi eng yirik armada tomonidan to‘liq qurshab olinganini, bosim yanada kuchayishini ta’kidlagan. 

Tramp, shuningdek, 24 noyabr kuni AQSH Nikolas Maduro va uning atrofini “xorijiy terroristik tashkilot” deb e’lon qilganini ham eslatdi. Venesuela rasmiylari esa bu ayblovlarning barchasini rad etib, Trampning asl maqsadi narkotik savdosiga qarshi kurash emas, balki Maduro boshchiligidagi chap qanot hukumatni ag‘darish ekanini aytmoqda. AQSH va bir qator boshqa davlatlar Maduroni qonuniy Prezident sifatida tan olmaydi. O‘tgan hafta AQSH harbiylari Venesuela sohillari yaqinida sanksiya ostidagi Skipper nomli neft tankerini qo‘lga oldi, undan oldinroq esa yana olti tankerga, shuningdek, Maduroning qarindoshlari va hamkorlariga sanksiyalar joriy qilindi. Mutaxassislar fikricha, neft eksportining bloklanishi allaqachon qiyin ahvolda bo‘lgan Venesuela iqtisodiyotiga og‘ir zarba berishi, valyuta bozoriga va importga ta’sir qilishi, hatto oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligiga olib kelishi mumkin. 

OAVning qayd etishicha, Venesuela yillar davomida AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tib, neftni katta chegirmalar bilan qora bozorda sotib kelgan va uning asosiy xaridori Xitoy bo‘lib qolmoqda. Venesuela dunyodagi eng yirik tasdiqlangan neft zaxiralariga ega bo‘lib, ularning hajmi qariyb 303 milliard barrelni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Venesueladagi narkokartellarga qarshi tez orada quruqlikdan zarbalar berilishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing