Tramp Venesuela bilan diplomatik aloqalarni uzishni buyurdi – OAV
Olam
−
07 Oktabr 2025 2439 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela bilan barcha diplomatik aloqalarni uzishni buyurdi, bu esa narkokartellarga yoki Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroning hukumatiga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar uchun yo‘l ochadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Nikolas Maduro va boshqa rasmiylar bilan muzokaralarni AQSH Prezidentining maxsus vakili Richard Grenell olib borgan. Biroq o‘tgan hafta Donald Tramp unga qo‘ng‘iroq qilib, barcha diplomatik aloqalarni, shu jumladan, muzokaralarni ham to‘xtatishni talab qilgan.
Tramp Maduroning AQSHning “hokimiyatdan ixtiyoriy ravishda voz kechish” talabini bajarmasligidan va venesuelalik rasmiylarning narkosavdoga aloqadorliklarini rad etishda davom etayotganidan norozi bo‘lgan.
Amerikalik rasmiylarning aytishicha, Tramp ma’muriyati bir nechta harbiy ssenariylarni ishlab chiqqan, ular orasida Maduroni hokimiyatdan chetlashtirishga qaratilgan operatsiyalar ham bor. Nikolas Maduro esa AQSHning maqsadi “qo‘g‘irchoq hukumat yaratish” va Venesuelaning tabiiy boyliklarini egallash ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr boshida AQSH Prezidenti Karib dengizining janubiy qismiga sakkizta harbiy kema yuborgan edi. U bu harakatni “narkotrafikka qarshi kurash” deb izohladi. Nikolas Maduro esa AQSH harakatlarini “dushmanona qamal” deb atab, BMTdan “mamlakat hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilishga ko‘maklashishni” so‘radi. Bunga javoban Oq uy rahbari Venesuelaning narkotik tashiyotgan kemasini AQSH harbiylari Karib dengizida cho‘ktirganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi