Tramp va uning farzandlari qamalishi mumkin
Olam
−
27 noyabr 2020
58130Donald Trampning o‘zi hamda uch farzandining “The Trump Ogranization”dagi faoliyati ularni jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda, Germaniyaning “Focus” nashri jurnalisti Sandra Vard ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ish doirasida Donald Trampga qamoq jazosi berilishi mumkin.
“Faqat prezidentlik Donald Trampni qamoqdan yoki halokatdan qutqaradi”, deya amerikalik tarixchi Timoti Sneyderdan iqtibos keltirdi Sandra Vard.
Shu bilan birga, Amerika ommaviy axborot vositalarida amaldagi davlat rahbarining uchta farzandi — Ivanka, Donald va Erikning qamoqqa olinishi haqidagi taxminlar tobora avj olmoqda. Ular “The Trump Ogranization”da moliyaviy va soliq qoidabuzarliklariga aloqador bo‘lishi mumkin.
Joriy yilda Nyu-York Oliy sudi Prezident oilasi shirkatida soliq qonunchiligining buzilishi bo‘yicha tergov kengaytirilganini e’lon qilgandan keyin Ivanka Tramp Demokratik partiyani siyosiy ta’qibda ayblagan edi.
Tramp fondining faoliyati bilan eng ko‘p Ivanka shug‘ullanadi. Uning otasidan “maslahatchi” sifatida 750 ming dollar maosh olgani Nyu-York prokurorlari orasida Prezident soliqlardan qochishga urinyapti degan shubhaning kuchayishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Tramp Playboy modeli Karen Makdugalga pora berganlikda gumon qilingan.
2012 yilda esa Trampning farzandlari Ivanka va kichik Donald firibgarlikda ayblanib, sud oldida javob berishiga sal qolgan. O‘sha paytda ular “Trump Soho Tower”dagi xonadonlarning narxini oshirishda ayblanishi mumkin edi. Shunisi e’tiborga loyiqki, o‘shanda Tramplar oilasi prokurorning qayta saylov kampaniyasiga 25 ming dollar xayriya qilgan.
Bugungi kunda Tramplar oilasiga nisbatan o‘ndan ortiq tergov ishlari olib borilmoqda. Bu ham yetmagandek kelgusi yillarda amaldagi davlat rahbari xorijiy kreditorlar, jumladan, Deutsche Bank oldidagi 300 million dollardan ortiq qarzni to‘lashi kerak.
“Financial Times”ning yozishicha, Trampning qarzdorligi 900 million dollarga yetadi. “Forbes” esa Trampning soliq idoralari oldida millionlab majburiyatlari hamda pandemiya sababli amaldagi Prezidentning biznesi katta yo‘qotishlarga uchragani haqida yozmoqda.
O‘tgan yili hukumatning Etika qo‘mitasi Ivanka Trampga xayriya mablag‘lari hisobiga 20 ming dollar evaziga Prezidentning portretini sotib olganidan so‘ng, “Xayriya tashkilotlarining vazifalari” kursini o‘tashini buyurib, hayriya mablag‘lari shaxsiy manfaatlar va xarajatlar uchun mo‘ljallanmaganligini ta’kidlagan edi.
Ivankaning eri Jared Kushnerning oilasida ham qonun bilan muammolar bo‘lgan. 2004 yilda Jared Kushnerning otasi, taniqli biznesmen Charlz Kushner soliqlar bilan bog‘liq firibgarliqda hamda partiyalarning noqonuniy hayr-ehsonlari bo‘yicha aybini tan olganidan keyin 14 oylik qamoq jazosini olgan edi. Bundan tashqari, u sudda qarindoshlaridan birini “shantaj” qilish uchun fohishani yollaganligini ham aytgan.
LiveBarchasi