TOP-10: Tramp buzgan prezidentlik me’yorlari 

Tahlil

image

AQSH Prezidentligi uchun saylov o‘tkazilganiga bugun 12 kun bo‘ldi. Ammo g‘olib hamon rasman e’lon qilingani yo‘q. Ovozlarni sanash davom etayotganiga qaramay, hozirgi holat Baydenning g‘alabasiga ishora qilyapti. Bundan tashqari, ko‘plab davlatlar, jumladan, rivojlangan G‘arb mamlakatlari demokrat Jo Bayden g‘alabasini tan oldi.

Amaldagi Prezident Donald Tramp esa amerikaliklar orasida saylov natijasiga shubha uyg‘otadigan bir qator populistik chiqishlari va Twitter'dagi shov-shuvli bayonotlari bilan shovqin qo‘tarib, AQSH Prezidentlari orasida shakllangan an’analarni yaqqol buzdi. Bu yagona holat emas. 

Quyida Tramp buzgan eng muhim 10 ta prezidentlik normalari haqida ma’lumot beramiz!

1. O‘zining manfaatini xalqnikidan ustun qo‘ydimi?

Tarixan Prezidentlar shaxsiy moliyaviy manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilmasliklariga jamoatchilikni ishontirish uchun mulklarini faol nazorat qilishdan yoki aktivlarga egalik qilishdan o‘zlarini tiyib kelishgan.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuz berganda, frontning har ikkala tomonida ham o‘zi turib qolib, qaror qabul qilishda xolislikni yo‘qotmaslik uchun Prezident Tramp biznesidan uzoqlashish kerakligini aytgan edi. Ha, bu to‘g‘ri, biroq Tramp o‘z biznes imperiyasidagi har kunlik ishlarni o‘g‘illariga topshirsa-da, mol-mulkini boshqarish va unga egalik qilishdan voz kechmadi.

“The Washinton Post” gazetasining yozishicha, Tramp Prezident bo‘lganidan beri biznes-imperiyasiga 280 martadan ko‘proq tashrif buyurishi, uning tarkibidagi tadbirkorlik ob’ektlarining obro‘si oshishiga va biror manfaat ko‘zlab Tramp ma’muriyatiga yoqish istagida bo‘lgan xorijiy va siyosiy mijozlarning jalb qilinishiga olib kelgan.

Maxfiy xizmat va boshqa davlat idoralari 2,5 milliondan ortiq, Tramning saylovoldi kampaniyasi va mablag‘ yig‘ish qo‘mitasi esa 5,6 million dollar miqdoridagi summalarni tadbirlar va mehmonxona xizmatlari uchun Trampning imperiyasiga o‘tkazgan. Ana sizga biznes!

2. Soliq deklaratsiyasini ommadan yashirish

AQSHning 37-Prezidenti Richard Nikson davridan beri an’anaga aylangan soliq deklaratsiyasini ommaga namoyish etishni Donald Tramp turli bahonalar bilan istamadi.

Biroq “The New York Times” Trampning soliq deklaratsiyasini qo‘lga kiritib, uni tahlil qilganida siyosatchi 2016 va 2017 yillarda 750 dollar federal soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, 2017 yilning o‘zida birgina hamshira 10 000 dollar federal soliq to‘lagan.

3. 40 yillik an’anaga chek qo‘ydi

1980 yil, o‘sha davrdagi AQSH rahbari Jimmi Karter o‘zidan oldingi Prezident Jerald Fordni Oq uyga taklif qildi. Sharqiy zalda o‘tkazilgan marosimda sobiq AQSH Prezidenti Fordning surati namoyish qilindi va Oq uydan abadiy joy oldi. Shu-shu bu marosim an’anaga aylanib 40 yildan beri davom etib keladi. Oxirgi marta Barak Obama kichik Jorj Bushni taklif qilgan edi. 

Navbat Trampga kelganida boshqa an’analar kabi bu yerda ham zanjir uzildi. Eng qizig‘i Barak Obamaga yaqin bo‘lgan demokrat Bayden shuncha hunar ko‘rsatgan respublikachi Trampga ham bu borada iltifot ko‘rsatmasa kerak.

4. Nazoratdan qochish

Prezident Tramp razvedka hamjamiyati, mudofaa, sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish vazirligi, transport va davlat departamentining ichki nazoratchilari hisoblangan bosh inspektorlarni ishdan bo‘shatdi.

Ba’zi hollarda, ishdan bo‘shatishlar Tramp yoki uning ittifoqchilarini g‘azablantirgan harakatlar uchun qasos kabi ko‘rinadi. Masalan, Trampning impichmentiga olib kelgan “Ukraina ishi”ning asosiy figuranti, maxsus xizmatlarning bosh inspektori Atkinsonning vazifasidan ozod etilishi bunga misol bo‘la oladi. 

Yana bir misol: Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish bosh inspektori vazifasini bajaruvchi Kristi Grimm niqob kabi himoya vositalarining hamda SOVID-19 ni aniqlash testining “jiddiy tanqisligi” to‘g‘risida hisobot tayyorlaganidan bir oy o‘tar-o‘tmas vazifasidan ozod etilgan. Prezidentlik me’yorlariga zid bo‘lgan “menga qarshimisan, demak ishdan ketasan” qabilida yuritilgan siyosat AQSHning bir qator ekspertlarining noroziligi va xavotirlariga sabab bo‘ldi. 

5. Diplomatiyadagi shaxsiy manfaat

Milliy xavfsizlik bo‘yicha Trampning sobiq maslahatchisi Jon Boltonning memuariga ko‘ra, 2019 yil iyun oyida Tramp Xitoy rahbari Si Szinpindan ko‘proq soya yog‘i va bug‘doy sotib olish evaziga qayta saylanish istiqbollariga yordam berishini iltimos qilgan ekan.

6. Eng ko‘p yolg‘on va chalg‘ituvchi bayonotlar bergan Prezident

“The Washinton Post” gazetasining yozishicha, joriy yilning avgust oyiga qadar Tramp 22 247 marta yolg‘on bayonot bergan. Quyida ulardan bir nechtasini keltiramiz:
–  Qisqa uch yil ichida biz dunyo tarixidagi eng kuchli iqtisodiyotni qurdik;
–  Rossiyaning soxta jodugarlarini ov qilish ishimni murakkablashtirdi;
–  Otam Germaniyadan kelgan (aslida uning otasi Nyu-Yorkda tug‘ilgan—tahr.);
–  Siz Facebook'da birinchi raqamli ekanligimni bilasizmi?

7. Mag‘lubning nutqi

Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylov tizimining muhim bosqichlaridan biri bu – hokimiyatni topshirish vaqtida mag‘lub bo‘lgan nomzodning g‘olibni tabriklovchi nutqi. Ushbu an’ana 1896 yilda Demokratlar partiyasidan nomzod Vilyam Jenkins Brayan o‘zining respublikachi raqibiga telegramma yuborganida boshlangan. 

Shu-shu mag‘lubning tabrik so‘zi fuqarolik burchiga aylandi. Bu jarayon ramziy ma’noni bildirsada, hokimyat – xalqning irodasi ekanligini ko‘rsatib turadigan xarakterga ega.

Trampning mag‘lubiyati aniq bo‘lib ulgurdi. Vashingtondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Trampning nutq so‘zlashi dargumon. O‘zini siyosatchi deb bilmaydigan Prezident uchun AQSH an’analarining ham ahamiyati yo‘q ekan.

8. Irqchilikka da’vat qilgan Prezident 

Esingizda bo‘lsa, Tramp 2018 yilda AQSH Kongressi a’zolari bilan yopiq uchrashuvda “qora” qit’a davlatlari nomiga qo‘pol so‘zlar aytgan edi. 2019 yilda esa o‘zining Twitter sahifasida demokratlardan bo‘lgan to‘rt nafar ayol kongressmenlarga nisbatan irqiy so‘zlardan foydalangan

Bu hali hammasi emas, oxirgi kunlarning muvafaqqiyatsiz qahramoni bo‘lib turgan Tramp, bir paytlar Barak Obamaga nisbatan ishlatgan irqiy so‘zlarini shu kunlarda vitse-prezident bo‘lishga yaqin turgan Kamola Xarrisga ham aytishga ulgurdi. “Black Lives Matter”ga esa nafratning ramzi deb ta’rif bergan ham aynan janob Tramp edi.

9. Olimlar bilan hech ham maslahatlashmaydi

Olimlar va ma’lum bir soha ekspertlari bilan maslahatlashish, ularning tavsiyalarini inobatga olish qarorlarning yetarli darajada muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlaydi va bu AQSH Prezidentlari uchun me’yoriy chora-tadbirga aylangan. Trampning ushbu odatlardan voz kechishi hamda qarorlarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilishi koronavirus pandemiyasi paytida yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, niqob taqish, olomon to‘planishining oldini olish, shu jumladan Prezidentning o‘zi o‘tkazadigan mitinglarni qistqartirish bo‘yicha Koronavirus Ishchi guruhi etakchi olimlarining ko‘rsatmalariga qarshi chiqdi. 

Oxir-oqibat Trampning “axmoqona” karorlari o‘z so‘zini aytdi va AQSH  kasallanish holatlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi. 

10. Saylov tizimiga nisbatan xalqda ishonchsizlik uyg‘otgan Prezident

Amerika tarixidagi har bir amaldagi Prezident hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish istiqbollarini qabul qilgan. AQSH zamonaviy tarixida esa biron bir amaldagi Prezident saylovlarda firibgarliklar va noqonuniy natijalarni bashorat qilib, saylov tizimi obro‘siga Tramp qadar putur yetkazmagan.

Ovoz berish jarayonlari tugab, Baydenga imkoniyatni boy berganligi tobora aniq bo‘lgani sari, Trampning saylov haqidagi bayonotlari yanada vaziyatni chigallashtirmoqda.

Farruxjon Murodqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

401

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing