Tramp va Putin bilan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyorman – Zelenskiy
Olam
−
17 Sentabr 2025 5890 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp bilan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Men hech qanday shartlarsiz ham ikki tomonlama, ham uch tomonlama formatlarda qatnashishga tayyor ekanimni tasdiqladim. Prezident Tramp va Putin bilan uchrashishga tayyorman”, dedi u.
Ukraina rahbari Moskvaga borishga tayyorligi haqidagi savolga salbiy javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainaga hujum qilayotgan mamlakat poytaxtiga bormoqchi emas. Zelenskiyning aytishicha, Moskva aynan u yerga borishga rozi bo‘lmagani uchun taklif qilingan.
“Ammo biz boshqa istalgan davlatda uchrashishimiz mumkin. Stolda ko‘plab takliflar bor, ularning ba’zilariga amerikaliklar, yevropaliklar va albatta men ham qo‘shilaman. Menimcha, bu savol hozircha javob bermagan Rossiyaga qaratilishi kerak”, dedi Zelenskiy.
Avvalroq Vladimir Putin Zelenskiy bilan Moskvada muzokara o‘tkazishni taklif qilgan edi. Ukraina Prezidentining qayd etishicha, Putin Ukraina delegatsiyasi u yerga bormasligini bilgani uchun bu shaharni taklif qilyapti.
12 sentyabr kuni Donald Tramp Rossiya Prezidentining mojaroga barham berishga tayyorligini shubha ostiga oldi. Uning ogohlantirishicha, agar Ukraina mojarosini hal qilishda oldinga siljish bo‘lmasa, Qo‘shma Shtatlar Rossiya iqtisodiyotiga “sanksiya zarbasi”ni beradi. Yangi chora-tadbirlar paketi banklarga, neft sektoriga va uchinchi davlatlar bilan savdoga bosim o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Nyu-Yorkda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi mumkin.