Zelenskiy Trampni Rossiyaga nisbatan “aniq pozitsiyani egallashga” chaqirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Nyu-Yorkda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi mumkin. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Tel-Avivda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

22-30 sentyabr kunlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasining yuqori darajadagi haftaligi bo‘lib o‘tadi.

“U (Tramp) urushni tugatish uchun hamma narsani qilishga harakat qilmoqda. Prezident Putinga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi, Zelenskiy bilan qayta-qayta uchrashdi, shu jumladan, ehtimol, kelasi hafta Nyu-Yorkda yana (u bilan uchrashishi mumkin”, dedi Rubio.

Ukraina tomoni hozircha bunday uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini tasdiqlagani yo‘q.

Zelenskiy esa Trampdan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha “aniq pozitsiya” olishini kutmoqda. U “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida Trampni Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha “aniq pozitsiya” olishga chaqirdi. Ukraina yetakchisi Oq uy rahbari shaxsan o‘zi “qat’iy choralar” ko‘rishi va “Putinni undan qo‘rqishi” kerakligini aytdi. 

“Urushni tugatishimizdan oldin, men barcha kelishuvlar tuzilishini juda xohlayman. Men AQSH va barcha Yevropa hamkorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hujjatga ega bo‘lishni xohlayman. Bu juda muhim. Buning amalga oshishi uchun bizga Prezident Trampning aniq pozitsiyasi kerak”, deb ta’kidladi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiyning fikricha, Qo‘shma Shtatlar “o‘z qarorlarini qabul qilish” uchun yetarli darajada kuchli. 

“Men ishonamanki, Donald Tramp bizga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetarli miqdorda yetkazib bera oladi, chunki AQSHda ular yetarlicha”, dedi u.

Ukraina davlat rahbarining eslatishicha, Yevropa allaqachon Rossiyaga qarshi 18 ta sanksiya paketini joriy qilgan. Ukraina rahbarining fikricha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining kuchli cheklovchi choralar to‘plami yetishmayapti.

Vladimir Zelenskiy 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tgan Tramp-Putin sammitini ham tanqid qildi. Ukraina Prezidenti Tramp “Putinga ko‘p narsa bergan”i va buning uchun Putin ko‘proq to‘lashi kerak”, degan fikrni bildirdi.

“O‘ylaymanki, agar bu uch tomonlama uchrashuv bo‘lganida, biz qandaydir natijalarga erishgan bo‘lardik”, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.

Tramp Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini yetarli emas deb hisoblaydi

Donald Tramp 14 sentyabr kuni Yevropa o‘z cheklovlarini Vashington harakatlariga mos ravishda kuchaytirgan taqdirda, Rossiyaga nisbatan AQSH ham sanksiyalarini kuchaytirishga tayyorligini aytdi.

Bungacha AQSH Prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “barcha NATO davlatlari rozi bo‘lib, xuddi shunday yo‘l tutsa, hamda NATOning barcha davlatlari Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatsa, Rossiyaga qarshi jiddiy sanksiyalar qo‘yishga tayyorligi” haqida maktubini e’lon qilgan edi.

Amerika Prezidenti Shimoliy Atlantika alyansining ba’zi a’zolarining Rossiya neftini sotib olishini “hayratlanarli holat” deb atadi va bu NATOning muzokaralardagi pozitsiyasini va almyansning Moskvaga ta’sirini zaiflashtirishini qo‘shimcha qildi.

Sentyabr oyi boshida Yevropa yetakchilari bilan videoselektor yig‘ilishi chog‘ida AQSH Prezidenti ularni Rossiya neftini sotib olish orqali Ukrainadagi “urushni moliyalashtirayotganlikda” ayblab, Moskvani ushbu daromad manbaidan uzib qo‘yishga, shuningdek, bu borada Xitoyga bosim o‘tkazishga chaqirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing