Tramp va Kim muzokara o‘tkazishni muhokama qilmoqda – “Reuters”
Olam
−
27 noyabr
2970AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni muhokama qilmoqda. Bu haqda kecha, 26 noyabr kuni Vashingtondagi ikki manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, muzokaralarning o‘tkazilishi qurolli mojaro xavfini kamaytirishga yordam beradi. Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp jamoasidagi bir necha kishi Amerika va Shimoliy Koreya yetakchilari o‘rtasidagi mavjud to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalardan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash hamda mamlakatlar o‘rtasidagi mavjud “muzni yorib yuborish” uchun foydalanishni kutmoqda. Nashrga ko‘ra, Trampning KXDR yetakchisi bilan birinchi prezidentlik davridagi muloqoti o‘zaro haqorat bilan yakunlangan.
Bir necha kun oldin Donald Tramp Aleks Vongni Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari etib tayinlashni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi. AQSH Davlat departamentining sobiq xodimi bir paytlar Vashington uchun diplomatik strategiya sifatida Tramp va Kim o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish uchun vositachilik qilgan va bu dastlab muvaffaqiyatli natijalarga olib kelgan.
Qayd etilishicha, rasmiy Pxenyan 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Tramp o‘rniga prezidentlik lavozimini egallagan Jo Baydenning munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha barcha chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirgan. Kim Chen In Trampning aloqani qayta tiklashga urinishlariga qanday munosabatda bo‘lishi noma’lum. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta oldin Shimoliy Koreya rahbari Pxenyanda bo‘lib o‘tgan harbiy ko‘rgazmadagi nutqi chog‘ida mamlakat Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralarda imkon boricha uzoqqa borganini aytgan, ammo Vashington go‘yoki buni istamagan.
Shu bilan birga, Tramp rasmiy uchrashuvlar davomida KXDRning yuqori martabali vakillari bilan shaxsan uchrashgan kam sonli Amerika prezidentlaridan biridir. Prezident sifatidagi birinchi muddati davomida u 2018 yilda Singapurda Kim bilan muzokaralar o‘tkazgan, bir yildan so‘ng esa Xanoyda yetakchilarning ikkinchi rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. KXDR yetakchisi bilan uchinchi uchrashuv uchun Tramp 2019 yilning yozida Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya chegarasidagi qurolsizlantirilgan hududga tashrif buyurgan edi.
Tramp Shimoliy Koreya bilan mamlakatni yadrosizlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish maqsadini qo‘ygan edi, biroq bu g‘oya muvaffaqiyatli kechmadi. 2019 yilning kuzida Pxenyan Qo‘shma Shtatlarni muzokaralarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda aybladi, Tramp esa Kim Chen Inni tanqid qildi va yadrosizlanishni amalga oshirishni talab qildi. Shimoliy Koreyaning yuqori martabali amaldori Kim Yon Chxol bunga javoban Amerika yetakchisini “sabrsiz chol” deb atagandi. Keyinchalik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi.
So‘nggi yillarda Kim Chen In Moskva bilan munosabatlarni mustahkamladi. Bu, jumladan, KXDR va Rossiya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni nazarda tutuvchi shartnoma imzolanishiga olib keldi. Bu AQSH maqsadlariga to‘sqinlik qilishi mumkin. Vashington Shimoliy Koreyani yadrosizlantirish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini rasman o‘zgartirmadi, Rossiya esa bu borada Pxenyanga bosim o‘tkazishdan bosh tortdi.
LiveBarchasi