Tramp va Erdo‘g‘anning samimiyati kun botgungachami?

Olam

image

Avvalroq, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSHga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Ikki davlat rahbarlari tor va keng doirada o‘tkazilgan uchrashuvlardan so‘ng bayonot berdilar. Unda Erdo‘g‘anning qayd etishicha, bugungacha jiqqa-musht bo‘lgan Amerika va Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochilgan. Bayonotning bu qismiga davlat rahbarlarining o‘zi ishonarmikin. 

Ochiqdan ochiq xalqaro maydonda liderlikka intilayotgan Erdo‘g‘an endi Turkiya-Amerika munosabatlarini mustahkam va sog‘lom asosda rivojlantirish va hamkorlikni chuqurlashtirishga rozi ekanligini bildirdi.Jumladan u shunday deydi: 

“Biz chuqur ittifoqdoshligimizga muvofiq ravishda munosabatlarimizda yangi sahifa ochishga qaror qildik. Janob Prezident va men milliy xavfsizligimizga tahdid soluvchi terroristik tashkilotlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro kelishuvimizni tasdiqladik”.

Erdo‘g‘an va Tramp o‘rtasidagi iliq aloqalarning paydo bo‘lishiga Bag‘dodiyning vafoti katta sabab bo‘ldi. Erdo‘g‘an ISHIDga qarshi hamkorlikdagi harakatlar davom etishi kerakligini urg‘u berib, Baydodiy o‘ldirilgandan keyin mamlakatda 2200 nafar ISHID jangarisini hibsda tutib kelinayotganini ta’kidladi. 

Joriy yilning 27 oktyabr kuni AQSH Suriyada ISHID terrorchilik tashkiloti yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qarshi maxsus operatsiya o‘tkazgan va natijada al-Bag‘dodiy o‘zini portlatib yuborgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, AQSH Prezident Donald Tramp Rossiya va Turkiyaga ushbu operatsiyani o‘tkazishda ko‘mak bergani uchun minnatdorlik bildirib chiqdi.

6 noyabr kuni, AQSHga tashrifi oldidan esa Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Biz uning (Bag‘dodiy) rafiqasi, singlisi va kuyovini Suriya hududida ushladik. AQSH Al-Bag‘dodiy o‘zini tonnelda portlatib yuborganidan keyin o‘z foydasiga mediakampaniya boshlatdi. Turkiya esa uning rafiqasini qo‘lga oldi va bu haqda baqirib ovoza qilmaymiz”, deb bayonot  bergandi

AQSH va Turkiya o‘rtasida shu kecha kunduzda paydo bo‘lgan samimiyat yana qanchaga yoki qaysi hujum, qaysi sanksiyaga qadar davom etishi hozircha noma’lum. Biroq, ikki mamlakat, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiyat samarasi Turkiyada iqtisodida va dollar kursida sezilmayotgani qayd etilyapti. 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing