Tramp va Bayden deyarli barcha praymerizlarda g‘alaba qozondi
Olam
−
06 mart
3530Kecha, 5 mart kuni AQSHning 15 shtati va bir orol hududida Demokratlar va Respublikachilar partiyalarining praymerizlarida AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden va mamlakatning sobiq rahbari Donald Tramp deyarli barcha ovozlarni qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Shunday qilib, Tramp 13 shtatda, jumladan Kaliforniya va Texasda bo‘lib o‘tgan ichki partiyaviy saylovlarda g‘alaba qozondi va nihoyat raqibi Nikki Xeylini mag‘lub etdi. Alyaskadagi ovoz berish natijalari esa hali sanab chiqilmagan.
Ikkinchi muddat prezidentlikka da’vogar bo‘lgan Jo Bayden Amerika Samoasi oroli hududidan tashqari barcha “Super Seshanba” kuni bo‘lib o‘tgan praymerizlarda g‘olib bo‘ldi va u yerda unchalik taniqli bo‘lmagan nomzod, tadbirkor Jeyson Palmerga yutqazdi.
Floridadagi Mar-a-Lago mulkida tarafdorlari bilan gaplashar ekan, Tramp Baydenga hujum qilib, uning immigratsiya siyosatiga e’tibor qaratdi va uni tarixdagi "eng yomon prezident" deb atadi.
O‘z navbatida, Bayden Trampni yana Amerika demokratiyasiga tahdid solayotganlikda ayblagan.
"Bugungi natijalar Amerika xalqi oldiga aniq tanlov qo‘yadi: biz oldinga intilamizmi yoki Donald Tramp bizni tartibsizlik, bo‘linish va zulmatga qaytarishiga ruxsat beramizmi?" deydi Jo Bayden.
Ma’lumot uchun, 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi