Tramp o‘ziga suiqasd qilingan joyda nutq so‘zladi
Olam
−
06 Oktabr
5336AQSH prezidentligiga nomzod, respublikachi Donald Tramp kecha, 5 oktyabr kuni Pensilvaniya shtati Butler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingida nutq so‘zladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Voqea joyi muhim, chunki aynan shu yerda iyul oyida Trampga suiqasd uyushtirilgan edi. Siyosatchi o‘z tadbiriga minglab odamlarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan. Ommaviy axborot vositalari respublikachi bilan uchrashish uchun kelgan saylovchilar sonini 13 iyul kuni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks siyosatchiga qarata o‘t ochgan Tramp mitingidagidan ancha ko‘p deb hisoblamoqda. O‘shanda Tramp qulog‘idan yaralangan, o‘q uzgan shaxs esa AQSH Maxfiy xizmatining javob o‘qidan o‘ldirilgan.
Yangi tashkil etilgan tadbir davomida Trampning podiumi himoya oynasi bilan o‘ralgan edi, iyul oyidagi mitingda bunday bo‘lmagan. Respublikachi o‘z so‘zini avvalgi mitingga ishora qilish bilan boshladi.
Tramp o‘z nutqi davomida ham iyul oyidagi hujumga bir necha bor ishora qilib, voqealar uning tarafdorlarini har qachongidan ham kuchliroq, mag‘rurroq, birdamroq, qat’iyatliroq va g‘alabaga yaqinroq qilganini aytdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, otishmada u taqdir va Xudoning inoyati bilan omon qolgan. Shu bilan birga, Trampning iyul oyidagi mitingiga tashrif buyurganlardan biri Kruksning o‘q otishidan halok bo‘ldi, siyosatchi bu odamni bir daqiqalik sukut bilan hurmat qildi.
Amerikalik milliarder Ilon Mask Trampning Butlerdagi saylovchilar bilan uchrashuviga taklif etilgan mehmon bo‘ldi. U sahnaga chiqib, saylovchilarni “Amerikada demokratiyani saqlab qolish uchun” Trampga ovoz berishga chaqirdi. Tesla avtomobil ishlab chiqaruvchisi bosh direktori va X ijtimoiy tarmog‘ining egasi konservativ qarashlari bilan tanilgan va OAV xabarlariga ko‘ra, u respublikachi nomzodning saylovoldi tashviqoti uchun oyiga 45 million dollargacha xayriya qilishi mumkin.
Butler sahnasida Mask ko‘proq Trampning raqiblarini tanqid qilishga e’tibor qaratdi.
“Boshqa tomon sizning so‘z erkinligingizni tortib olmoqchi. Ular sizning qurol ko‘tarish huquqingizni olib qo‘ymoqchi”, degan Mask.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp bo‘lgan golf maydonchasida unga yaqin masofada o‘q uzilgani va bu Trampga nisbatan suiqasd bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi. Shundan so‘ng, suiqasdni Gavayida yashovchi 58 yoshli Rayan Rut uyushtirishga uringani ma’lum bo‘ldi. Suiqasd uyushtirishda gumonlanayotgan shaxs o‘qotar qurol saqlashga qo‘yilgan taqiqni buzgani uchun 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi va 500 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.