Tramp uni zo‘rlashda ayblagan yozuvchini sudga berdi
Olam
−
28 iyun 2023
7380AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp avvalroq o‘zini zo‘rlash va tuhmatda ayblagan yozuvchi Elizabet Jin Kerrollga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sud hay’ati uni aybsiz deb topganiga qaramay, Tramp ayolni obro‘siga putur yetkazishda ayblamoqda.
Sud yozuvchiga sobiq prezidentga qarshi da’vosini to‘ldirishga ruxsat berganidan keyin Trampda ham qarshi da’vo qilish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Tramp ustidan sud jarayoni 2024 yilning yanvariga belgilangan. Elizabet Kerroll siyosatchidan 10 million dollar miqdorida tovon puli talab qilmoqda.
Sobiq prezident esa Kerrollni “aqldan ozgan” , deb atagan va uning dalillari soxta va uydirma ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, Elizabet Jin Kerroll bir nechta taniqli nashrlar uchun maqolalar yozgan. 2019 yilda u kitob chiqargan va unda 1995 yil oxiri yoki 1996 yil boshida Tramp uni Nyu-York markazidagi do‘konning kiyim almashtirish xonasida zo‘rlaganini yozgan. 2022 yil noyabr oyida esa u Trampni tuhmatda va zo‘ravonlikni rad etishda ayblab, sudga bergan. Trampning o‘zi yozuvchi va jurnalist Elizabet Kerrollga nisbatan zo‘rlashga urinish bo‘yicha sud hukmini sharmandalik va eng katta “jodugar ovi”ning cho‘qqisi sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 may kuni sud Kerrollning fuqarolik da’vosida Trampni aybdor deb topgan, ammo uning zo‘rlashda aybliligi qayd etilmagan. Shu munosabat bilan sobiq prezident yozuvchiga 5 million dollar to‘lashga hukm qilingan.
LiveBarchasi