Tramp Ukrainaga Xitoy qo‘shinlarini kiritishni taklif qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp urush tugaganidan keyin Ukrainaga tinchlikparvar kuch sifatida Xitoy qo‘shinlarini kiritish zarur deb hisoblaydi. Bu haqda kecha, 29 avgust kuni muhokamalar haqida ma’lumot bergan to‘rt kishiga tayanib, “Financial Times” nashri xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Tramp shu tariqa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Gazetaning suhbatdoshlariga ko‘ra, 18 avgust kuni Oq uyda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvda Tramp Xitoydan Rossiya bilan tinchlik kelishuvi doirasida 1300 kilometrlik front chizig‘i bo‘ylab neytral hududni kuzatish uchun tinchlikparvar kuchlarni taqdim etishni so‘rashni taklif qilgan.

Biroq Oq uy bunday fikr muhokama qilinganini rad etadi.

“Bu yolg‘on”, degan Tramp ma’muriyatining yuqori martabali vakili FT'ga.

Gazetaning qayd etishicha, Rossiya tomoni birinchi marta 2022 yilning bahorida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi birinchi muzokaralar chog‘ida, xavfsizlik kafolatlari doirasida Xitoy tinchlikparvar kuchlari masalasini ko‘targan. “Axios” nashrining yozishicha, Putin 15 avgust kuni Alyaskada Tramp bilan uchrashuvda Ukraina xavfsizligining ehtimoliy kafolatlaridan biri sifatida Xitoyni tilga olgan.

Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 20 avgust kuni Xitoyni xavfsizlik kafillari qatorida ko‘rmasligini aytdi.

“Birinchidan, Xitoy boshidanoq bu urushni to‘xtatishimizga yordam bermadi. Ikkinchidan, Xitoy dron bozorini ochish orqali Rossiyaga yordam berdi”, dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik kafolatlarini faqat Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin unga yordam bergan davlatlardan qabul qiladi.

“Welt am Sonntag” gazetasining 23 avgust kuni yozishicha, Xitoy qo‘shinlarini Ukrainaga tinchlikparvar sifatida yuborish g‘oyasi Yevropa Ittifoqida turli xil munosabatda bo‘lgan. Bir tomondan, Xitoy kabi global janubdagi davlatlarni tinchlikparvar missiyaga jalb qilish, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun Ukrainada xalqaro qo‘shinlarni joylashtirish rejasini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi mumkin.

“Ammo boshqa tomondan, Xitoy, birinchi navbatda, Ukrainada josuslik bilan shug‘ullanishi va mojaro yuzaga kelgan taqdirda, betaraflikni saqlash o‘rniga, aniq rossiyaparast pozitsiyani egallashi xavfi ham bor”, deb tushuntirdi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan muhokamalardan xabardor Yevropa Ittifoqining yuqori martabali diplomati.

Xitoy rasmiylari Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish masalasi muhokama qilinayotgani haqidagi ma’lumotni bir necha bor rad etib keladi. 

“OAVning bunday rejalar haqidagi xabarlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Go Szyakun.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing