Tramp inqirozlarni hal qilish uchun “tarixiy tezlikda” harakat qilishga va’da berdi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni yakunlash va uchinchi jahon urushining oldini olishga va’da berdi. Bu haqda u kecha, 19 yanvar kuni AQSH poytaxti Vashingtonda tarafdorlari bilan bo‘lgan mitingda so‘z ochdi.

“Ertadan boshlab men tarixiy tezlik va kuch bilan mamlakatimiz duch keladigan har qanday inqirozni hal qilish uchun harakat qilaman. Men Ukrainadagi urushni tugataman. Yaqin Sharqdagi betartiblikni to‘xtataman va uchinchi jahon urushining oldini olaman”, dedi Tramp.

Respublikachi siyosatchi ikkala mintaqadagi jangovar harakatlarni aniq qachon tugatishi mumkinligini aytmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, global qurolli mojarolar xavfi yaqinlashib bormoqda. Tramp, shuningdek, AQSH chegaralarini himoya qilishni kuchaytirishni, shu orqali fuqarolarni himoya qilishni rejalashtirayotganini bildirgan. Bundan tashqari, u oldin bergan va’dasini takrorlab, mamlakatdan millionlab migrantlarni chiqarib yuborishini aytgan. 

“Ko‘p yillar davomida biz boshqa davlatlarni mustahkamladik, ularning chegaralari va hududlarini himoya qildik. Endi nihoyat o‘z mamlakatimizni qurishni boshlaymiz, chegaralarimizni himoya qilamiz va asraymiz”, dedi siyosatchi.

AQSHning saylangan prezidenti oldinroq agar o‘sha paytda Jo Bayden o‘rniga prezident bo‘lganida Ukrainadagi urush hech qachon boshlanmasligini aytgandi. U, shuningdek, qayta saylangan taqdirda ushbu masalani hal qilishga erishishini va’da qilgan. Xususan, saylovoldi kampaniyasi davomida u Moskva va Kiyev o‘rtasidagi mojaroni bir kunda hal qilishni rejalashtirayotganini bildirgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Tramp mojaroning hal etilishi jarayonida Ukrainaga real xavfsizlik kafolatlarini bera olishiga umid qilmoqda. Shuningdek, Kiyev NATOga taklif qilinishini talab qilmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishini Moskva bilan muzokaralar boshlash va o‘t ochishni to‘xtatishning shartlaridan biri sifatida aytgan. Bundan tashqari, u Kiyev o‘z qo‘shinlarini Donetsk Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqishi, yadro qurolidan voz kechishi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi hamda Qrim va yangi hududlarni Rossiya tarkibida xalqaro miqyosda tan olinishi zarurligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Trampning jamoasi uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni tugatish variantlarini muhokama qilish uchun uchrashuviga hozirlik ko‘rayotgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ukraina urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing