Tramp To‘qayevga Oq uy kalitini sovg‘a qildi
Olam
−
10:54 3772 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayevga Oq uyning kaliti va imzosi tushirilgan bosh kiyim sovg‘a qildi. Bu haqda To‘qayevning matbuot kotibi Ruslan Jeldibay xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Oq uyda Qozog‘iston elchisi Magjan Ilyosovning Trampga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Keyinchalik Prezident yordamchisi va matbuot kotibi Ruslan Jeldibay uchrashuv natijalari haqida hisobot bergan.
“Qozog‘istonning yangi elchisi Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti bilan uchrashdi. Uning aytishicha, ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan keyingi qisqa suhbat davomida AQSH Prezidenti elchi bilan shu yilning noyabr oyida Oval kabinetda davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashuv haqidagi taassurotlarini o‘rtoqlashgan. Amerika yetakchisi Qozog‘iston Prezidentiga iliq shaxsiy tilaklarini yetkazgan, uning hurmatini ta’kidlagan va uni “xalqaro jarayonlarni chuqur va muvozanatli tushunadigan ajoyib inson va tajribali davlat arbobi” deb ta’riflagan. Bundan tashqari, AQSH Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga bir nechta sovg‘alar, jumladan, Oq uyning ramziy kaliti va uning dastxati tushirilgan kepkani ham yubordi”, deyiladi xabarda.

Bu To‘qayevning noyabr oyida AQSHga qilgan safari bejiz ketmaganini ko‘rsatadi. Qayd etish joiz, To‘qayev Amerikadan ulkan yangiliklar bilan qaytdi. Tramp ham Qozog‘iston yetakchisiga Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga qaraganda ko‘proq mulozamat qildi. To‘qayev u yerda “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shildi va bu shaxsan Oq uy rahbari tomonidan olqishlandi. Shu bilan birga, yetakchilar Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefonda gaplashdi. Qolaversa, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida 17 milliard dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlar imzolangani va ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilgani e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Vashingtonga tashrifi chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi uchrashuvda hazilomuz suhbat o‘tkazgandi. U suhbat davomida Trampdan 9 nevarasi uchun tangalar so‘ragan. Donald Tramp tangalar bilan birga Ilhom Aliyevga Oq uyning ramziy kalitlarini ham taqdim etgan.
Live
Barchasi