Tramp toshkentlik maslahatchisini Hindistonga elchi qilmoqchi
Olam
−
23 avgust 6617 3 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp AQSHning Hindistondagi elchisi lavozimiga Serjio Gor nomzodini ko‘rsatgani hamda uni Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlashga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 23 avgust kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Men quvonch bilan e’lon qilamanki, Serjio Gorni AQSHning Hindiston Respublikasidagi yangi elchisi hamda Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida nomzod qilib ko‘rsatayapman”, deb yozdi Amerika rahbari.
Hozirda Serjio Gor Oq uyning kadrlar boshqarmasini boshqarib kelmoqda. Trampning ta’kidlashicha, Gor Senat tomonidan yangi lavozimga tasdiqlangunga qadar ushbu vazifada ishlab turadi.
“Dunyoning eng ko‘p aholiga ega mintaqasi uchun mening kun tartibimni amalga oshira oladigan va bizga “Amerikani yana buyuk qilish”da yordam beradigan, to‘liq ishonadigan insonning bo‘lishi muhim”, deb yozdi Prezident.
Trampning ta’kidlashicha, Gor va uning jamoasi ma’muriyat tarkibida deyarli 4000 nafar “Amerika Birinchi vatanparvarlari”ni ishga qabul qilgan.
“Serjioning prezident kadrlar direktori sifatidagi roli bizga amerikaliklardan olingan mislsiz mandatni bajarishda muhim bo‘ldi”, deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Shunday qilib, Serjio Gor Demokratlar tomonidan tayinlangan, Bayden prezidentligi tugagach Kaliforniyaga qaytgan sobiq elchi Erik Garsettining o‘rnini egallashdi.
Ma’lumot uchun, Gor 1986 yilda Toshkentda tug‘ilgan va tug‘ilganda unga Sergey Goroxovskiy ismi berilgan. Uning oilasi 1999 yilda, u taxminan 12 yosh bo‘lganida, AQSHga ko‘chib o‘tgan. Otasi Yuriy Goroxovskiy sovet samolyotlarini, jumladan Hindiston havo kuchlari ishlatadigan Il-76 samolyotini yaratishda ishtirok etgan aviakonstruktor bo‘lgan. Onasi esa asli isroillik ekani aytiladi.
Gor Los-Anjelesda voyaga yetgan, keyinchalik Oq uy yaqinidagi Jorj Vashington universitetida o‘qish uchun Vashingtonga ko‘chgan.
Yosh konservativ doiralarda faol bo‘lib, u respublikachi qonun chiqaruvchilardan — o‘ta o‘ngchi qarashlari bilan tanilgan Stiv King va Mishel Baxmanning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik senator Rend Polning muovin apparati rahbariga aylangan.
Gor Tramp atrofida 2020 yilgi saylovlar paytida paydo bo‘ldi, MAGA harakatida tez ko‘tarildi va 2024 yilda Tramp g‘alabasidan so‘ng prezident kadrlar direktori lavozimiga tayinlandi. Tramp uni hukumat tizimida qariyb 4000 nafar sodiq odamlarni joylashtirish bilan sharaflaydi.
Gor Trampga sadoqati bilan tanilgan, ammo boshqalar tomonidan qarorlarida nostabil va oldindan aytib bo‘lmaydigan shaxs sifatida tanqid qilingan. U Trampning milliarder maslahatchisi Ilon Mask bilan ham tortishgan. Shuningdek, Gor Jared Ayzekmanning NASA rahbari etib tayinlanishiga qarshi chiqib, uning o‘tmishda demokratlarga qilgan xayriyalari haqida ma’lumot berishi orqali nomzodini yo‘qqa chiqishida rol o‘ynagan.
Live
Barchasi