Tramp Ta’lim vazirligini tugatmoqchi

Olam

image

AQSH Ta’lim vazirligi Prezident Donald Trampning idorani tugatish taklifi fonida xodimlarning deyarli 50 foizini qisqartirishini e’lon qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tramp o‘z lavozimiga kirishgan vaqtda vazirlik shtatida 4100 ga yaqin xodim bo‘lgan. Ta’lim vaziri Linda MakMaxonning ta’kidlashicha, bu qisqartirishlar vazirlikning “samaradorlik, hisobdorlik va resurslar eng kerakli joyga: o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilarga yo‘naltirilishini ta’minlash” istagini aks ettiradi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qisqartirishlar vazirlikni yopish yo‘lidagi birinchi qadamdir, biroq u vazirlikni to‘liq tugatish uchun AQSH Kongressi ma’qullashi kerakligini ta’kidladi.

Tramp Ta’lim vazirligini yopish rejalari haqida saylovoldi kampaniyasi chog‘idayoq ma’lum qilgan, saylanganidan keyin esa bu niyatini tasdiqlagan edi. U, xususan, idorani “katta firibgarlik” deb atagan, shuningdek, AQSH go‘yoki ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoda 40-o‘rinda turishini, biroq bir o‘quvchiga eng ko‘p pul sarflashini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, AQSH Ta’lim vazirligi 1979 yilda prezident Jimmi Karter farmoni bilan tashkil etilgan. Idoraning asosiy vazifalari talabalar kreditlarini ajratish, grantlarni boshqarish, davlat charter maktablarini moliyalashtirish, universitetlarni akkreditatsiya qilish tizimini nazorat etish, talabalarning ta’lim natijalari to‘g‘risida ma’lumot to‘plash va boshqalarni o‘z ichiga oladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati ixtiyoriy deportatsiya uchun yangi ilovani ishga tushirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Ta'lim vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing