Tramp Rossiyaga qarshi global neft embargosini jiddiy ko‘rib chiqmoqda – “Times”
Olam
−
12 iyul 3144 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan neft bo‘yicha savdo qilayotgan davlatlarga, jumladan Xitoy, Hindiston va Turkiyaga nisbatan qattiq ikkilamchi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda “The Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, gap Rossiyadan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik boj solig‘i kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda. Nashrning yozishicha, Trampning pozitsiyasidagi bu o‘zgarishga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Kiyev bilan muzokaralardan bosh tortishi va Ukrainadagi fuqarolik ob’ektlariga zarbalar berishni davom ettirayotgani sabab bo‘lgan. Avval Tramp bu qonun loyihasini “haddan tashqari qattiq” deb atagan bo‘lsa, endi u “diqqat bilan ko‘rib chiqilmoqda”, deb bayon qilgan.
Nashrga ko‘ra, asosiy masala – bu chora-tadbirlardan kelib chiqadigan iqtisodiy oqibatlar xavfi. Oq uy sanksiyalarni bekor qilish huquqi Prezident vakolatlarida qolishini istaydi, Kongress esa bu jarayonga cheklov qo‘yishni taklif qilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu choralar qisman joriy etilganda ham Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Vashingtondagi Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti eksperti Maksimilian Xess nashrga bergan izohida Tramp Rossiyadan neft sotib olayotgan mamlakatlarga nisbatan 500 foizlik tarif joriy etishdan voz kechishi mumkinligini aytgan. Chunki bu choralar energiya narxlarining keskin oshishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya bo‘yicha “muhim bayonot” bilan chiqishini e’lon qilgandi. Tramp intervyu davomida Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lganini aytib, yaqin haftalarda vaziyat qanday rivojlanishi bo‘yicha kuzatuv ketayotganini bildirgan. Biroq batafsil tafsilotlarni ochiqlamagan.
Live
Barchasi