Tramp Rossiya bo‘yicha “muhim bayonot” berishini aytdi
Olam
−
11 iyul 4917 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya bo‘yicha “muhim bayonot” bilan chiqishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari NBC News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Tramp intervyu davomida Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lganini aytib, yaqin haftalarda vaziyat qanday rivojlanishi bo‘yicha kuzatuv ketayotganini bildirgan. Biroq batafsil tafsilotlarni ochiqlamagan.
Shuningdek, Tramp AQSH, NATO va Ukraina o‘rtasida erishilgan yangi qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha bitim tafsilotlarini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, AQSH qurolni NATOga yuboradi, alyans esa uni Ukrainaga uzatadi va to‘liq xarajatni qoplaydi. Bu bitim NATOning o‘tgan oygi sammitida tuzilgan.
Tramp shuningdek, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritilishi bo‘yicha yakuniy qaror o‘zida qolishini aytgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio yaqinda Malayziyada Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvda Ukraina bo‘yicha yangi takliflar bildirilganini aytgan, ammo ularning mazmuni ochiqlanmagan.
Rubio shuningdek, Tramp sanksiyalarni “real variant” sifatida ko‘rayotgani, lekin ularni qanday va qachon qo‘llashda erkinlikni xohlashini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan keskin norozi ekanini bildirib, Kreml rahbari Vashingtonning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatishni istamayotganini aytgandi.
Live
Barchasi