Tramp Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy” sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Olam
−
08:23 1373 2 daqiqa
Kecha, 18 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Oq uy saytida xabar berildi.
Qonunning to‘liq nomi quyidagicha: “Lindsi O. Gremning 2026 yilgi Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonuni”. U Rossiyaga nisbatan qonunda nazarda tutilgan sanksiyalar, bojlar va taqiqlarni nazarda tutadi hamda kengaytiradi. Shuningdek, Eronga qarshi amaldagi sanksiyalar muddatini uzaytiradi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampga “ushbu o‘ta muhim qonunni imzolagani uchun” minnatdorlik bildirgan.
“Lindsi Grem bu yerda, Ukrainada bo‘lganida, Rossiyaga bosimni bo‘shashtirmaslik, sanksiyalarni kuchaytirish va tinchlikka erishish yo‘lini izlash qanchalik muhimligi haqida doimo gapirar edi. Jumladan, Rossiya neftini sotib olish, Rossiyaga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda Putin va urush bilan bog‘liq Rossiya kompaniyalarini boshqa mamlakatlardagi odatiy biznes munosabatlariga jalb qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilinadigan poytaxtlarda ham”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun tashabbuskori 2026 yilning iyul oyida vafot etgan respublikachi-senator Lindsi Grem bo‘lgan edi. Qonun AQSH Prezidentiga Rossiya energetika resurslarining eng yirik beshta xaridoriga qarshi 100 foizlik bojlar joriy etish huquqini beradi. Bundan tashqari, u Rossiyaning mudofaa, energetika va moliya tashkilotlariga, Rossiyaning soyadagi flotiga, shuningdek deyarli butun Rossiya siyosiy va harbiy rahbariyati tarkibiga nisbatan sanksiyalarni nazarda tutadi.
Vakillar palatasida ushbu sanksiyalar muhokama qilinayotganda demokratlarning salmoqli qismi qarshi chiqqan. Ular Tramp ushbu qonun loyihasidan yangi import bojlari uchun yana bir huquqiy asos sifatida foydalanishidan xavotirda edi. Yirik biznes vakillarida ham e’tirozlar bo‘lib, ular qonun loyihasi “iste’molchilar uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin” deb hisoblagan. Shunga qaramay, 17 sentyabr kuni qonun loyihasi ma’qullandi.
Live
Barchasi