Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida 3 kunlik sulh e’lon qildi
Olam
−
09:05 1290 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida 9–11 may kunlari uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Men mamnuniyat bilan ma’lum qilamanki, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinadi – 9, 10 va 11 may kunlari. Rossiyada G‘alaba kuni nishonlanadi, ammo Ukrainada ham, chunki u ham Ikkinchi jahon urushida muhim rol o‘ynagan”, deya yozgan Tramp.
Uning aytishicha, kelishuv barcha jangovar harakatlarni to‘xtatishni, shuningdek, har ikki tomondan 1000 nafardan harbiy asir almashinuvini ham o‘z ichiga oladi.
“Bu iltimosni shaxsan o‘zim bildirdim va Prezident Putin hamda Prezident Zelenskiyning roziligini yuqori baholayman”, deya qo‘shimcha qilgan Oq uy rahbari.
Tramp ushbu vaqtinchalik sulh “mojaroning yakuniga olib boruvchi boshlanish” bo‘lishiga umid bildirgan.
“Umid qilamanki, bu juda uzoq, qonli va og‘ir urushning tugashiga olib keladigan jarayonning boshlanishi bo‘ladi. Ikkinchi jahon urushidan beri eng yirik mojaroni yakunlash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda va har kuni maqsadga yanada yaqinlashyapmiz”, deya ta’kidlagan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomonini 8 may kuni e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda ayblagandi va shu sababdan javob zarbasi bo‘lishini ma’lum qilgandi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiyaga yaqin davlatlarga murojaat qilib, 9 may kuni Moskvaga bormaslikni tavsiya bergandi.