Tramp Rossiya-Ukraina urushi qachon tugashi mumkinligini aytdi
Olam
−
05 avgust 11697 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar neft narxi yana 10 dollarga arzonlashsa, Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u bugun, 5 avgust kuni “CNBC News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Agar neft yana 10 dollarga tushsa, Putinning boshqa iloji qolmaydi. Rossiya iqtisodiyoti allaqachon og‘ir ahvolda”, degan Oq uy rahbari.
U, shuningdek, Hindiston Rossiyadan neft sotib olayotgani sababli, bu mamlakatga nisbatan boj stavkalarini keyingi 24 soat ichida “juda jiddiy darajada” oshirishini bildirgan.
“Biz 25 foizda to‘xtadik, lekin men bu stavkalarni juda sezilarli darajada oshiraman”, degan Tramp.
Tramp, shuningdek, Yevropa Ittifoqi AQSH iqtisodiyotiga sarmoya kiritish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa, unga 35 foizlik boj stavkasi joriy etilishini va’da qilgan. Bundan tashqari, AQSHga olib kirilayotgan farmatsevtika mahsulotlariga ham boj joriy etilishini aytib o‘tgan.
“Dastlabki tariflar kichik bo‘ladi, biroq keyinroq, eng ko‘pi bilan bir yoki bir yarim yilda ular 150 foizga, so‘ng esa 250 foizgacha oshiriladi”, deya qo‘shimcha qilgan AQSH Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Hindistonning Rossiyadan neft sotib olayotganini tanqid qilib, unga nisbatan “keskin” boj stavkalarini joriy qilishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Tramp Hindiston mahsulotlariga 25 foizlik boj joriy etishini aytdi. Bu choralar AQSH–Hindiston savdo balansidagi nomutanosiblik va Hindistonning Rossiya bilan hamkorligiga javoban qabul qilindi. Dastlab, Hindistondagi to‘rtta davlat neftni qayta ishlash zavodi Rossiyadan neft xaridini to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq turli manbalar Hindistonning Rossiyadan neft importini tahdidlarga qaramay davom ettirishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Hindiston hukumati AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft importi bo‘yicha tanqidlarini “asossiz va mantiqsiz” deb atadi.
Live
Barchasi