Tramp Rossiya-Ukraina muzokaralaridan chiqib, urushni tomosha qilmoqchi – OAV
Olam
−
01 Sentabr 2025 5423 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlardan voz kechish masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rmoqda. Bu haqda Trampga yaqin amaldorga tayanib, “Axios” xabar berdi. https://www.axios.com/2025/08/30/trump-accuse-european-leaders-prolong-ukraine-war
Oq uy rahbarining fikriga ko‘ra, agar ikki tomon – Rossiya yoki Ukraina “moslashuvchanlik” ko‘rsatmasa, AQSH o‘z harakatlarini to‘xtatib, o‘yindan chiqadi.
“Biz shunchaki o‘tirib, kuzatamiz. Ular yana biroz urushsin, keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz”, degan Trampga yaqin shaxs.
Nashrning yozishicha, AQSH rasmiylarining ayrimlari Yevropa yetakchilarini tinchlikka erishish yo‘lidagi “asosiy to‘siq” deb hisoblay boshlagan. Oq uydagi yuqori lavozimli amaldor ayrim Yevropa rahbarlari omma oldida Trampning tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinishi, lekin aslida yashirin ravishda Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Alyaskada bo‘lib o‘tgan sammitdan keyin erishilgan norasmiy kelishuvlarni yo‘qqa chiqarishga urinayotgani haqida aytgan.
Oq uy vakili, shuningdek, Yevropa davlatlari Ukrainani Rossiyadan “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan hudud talab qilishga” undayotganini ta’kidlagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar Ukraina Prezidentini “eng yaxshi kelishuvni” tuzishga undamoqda, biroq bu talablar reallikka umuman yaqin emas.
“Yevropaliklar bu urushni cho‘zib yuborolmaydi, parda ortida asossiz umidlarni qo‘llab-quvvatlay olmaydi va bir vaqtning o‘zida barcha xarajatlarni Amerikaga yuklay olmaydi. Agar Yevropa bu urushni keskinlashtirishni istasa, bu ularning ishi. Ammo ular g‘alabaga emas, mag‘lubiyatga mahkum bo‘ladi”, degan Oq uy rasmiysi.
Qayd etish joiz, Trampning bu so‘zlari ilk bor yangrayotgani yo‘q. U anchadan buyon Rossiya va Ukraina urushida “siljish bo‘lmasa” bu muzokaralardan chiqishini bildirib keladi. Oq uy rahbariga ko‘ra, bu urush uniki emas va buni tugatishga ham majbur emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Yevropa davlatlari bilan Amerikaning xususiy harbiy kompaniyalari xodimlarini Ukrainaga yuborish masalasida muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgandi. Xususiy harbiy kompaniya jangchilari Ukrainada mudofaa chizig‘ini qayta tiklash, yangi harbiy bazalar barpo etish hamda hududdagi AQSH korxonalarini himoya qilish ishlariga jalb qilinishi mumkin.
Live
Barchasi