Tramp AQSH harbiylarini Ukrainaga kiritmoqchi
Olam
−
30 avgust 8603 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlari bilan Amerikaning xususiy harbiy kompaniyalari xodimlarini Ukrainaga yuborish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayangan holda “The Telegraph” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, xususiy harbiy kompaniya jangchilari Ukrainada mudofaa chizig‘ini qayta tiklash, yangi harbiy bazalar barpo etish hamda hududdagi AQSH korxonalarini himoya qilish ishlariga jalb qilinishi mumkin. Ushbu reja AQSH Prezidentining “Ukrainaga AQSH armiyasini joylashtirmaymiz” degan va’dasidan keyin muqobil yo‘l sifatida ishlab chiqilayotgani qayd etilgan. Sababi, bu qo‘shinlar xususiy sanaladi va Tramp ham va’dasida turib, davlat qo‘shinlarini Ukrainaga yubormagan bo‘lib chiqadi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlarining yakuniy shakli “juda yaqin orada” e’lon qilinishi mumkin. Rejaga ko‘ra, G‘arb davlatlari Qora dengizda harbiy-dengiz missiyalarini o‘tkazishi va havo hududini patrullashi ham mumkin.
Ta’kidlash joizki, joriy haftada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari uchta yo‘nalishni qamrab olishi kerakligini aytdi. Unga ko‘ra, Ukraina armiyasini kuchaytirish, NATO davlatlaridan qo‘llab-quvvatlash hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar asosiy e’tiborga olinishi kerak. “Politico” nashrining xabariga ko‘ra, AQSH Rossiya va Ukraina o‘rtasida texnik maslahatlashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, unda xavfsizlik kafolatlari masalasi ham muhokama qilinishi mumkin.
Xavfsizlik kafolatlari masalasiga to‘xtalganda AQSH, Ukraina va Rossiyaning o‘zaro zid pozitsiyalarini ko‘rish mumkin. Masalan, Ukraina o‘z xavfsizligini faqatgina Yevropa davlatlaridan iborat jamoa va Turkiya ta’minlashini xohlaydi, ammo Rossiya bu safda Xitoy ham bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Zelenskiy Xitoy masalasiga alohida to‘xtalarkan, u mamlakat xavfsizlik kafolatlarida ishtirok etmasligi zarurligini aytmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, Pekin 2022 yilda urushni to‘xtatishga yordam bermagan va 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganida ham “hech narsa qilmagan”.
Zelenskiyning so‘zlariga zid ravishda Tramp ham Xitoyning bu jadvalga qo‘shilishini xohlaydi. U urush tugaganidan keyin Ukrainaga “tinchlikparvar kuch” sifatida Xitoy qo‘shinlarini kiritish zarur deb hisoblashini bildirgan.
Live
Barchasi