Tramp Putinning taklifini qo‘llab-quvvatladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan nodir yer metallariga kirish bo‘yicha shartnoma tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

“Men Rossiyaning noyob yerlariga kirish huquqini olish bo‘yicha shartnoma tuzmoqchiman”, deya uning so‘zlarini keltiradi agentlik.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Rossiyadan foydali qazilmalarni sotib olmoqchi.

Tramp bir kun avval AQSHning Rossiyaning noyob tuproq metallariga qiziqishini e’lon qilgan edi. U rasmiy Vashington Rossiyaning noyob yer metallarining “katta zaxiralari” va mamlakatda mavjud bo‘lgan boshqa “juda qimmatli resurslar”dan manfaatdorligini aytgandi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin VGTRK muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida Moskva Qo‘shma Shtatlarga nodir metallarni qazib olish va alyuminiy ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishni taklif qilishga tayyorligini aytgan edi. 

Putin o‘z taklifini qo‘shni davlatga qarshi urush paytida Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlariga ham yo‘lladi.

“Biz chet ellik hamkorlarni yangi deb atalgan hududlarga jalb qilishga tayyormiz. U yerda ham ma’lum zaxiralar bor”, degan edi Rossiya rahbari.

Mamlakatdagi nodir yer metallari haqida gapirar ekan, Putin bugungi kunda Rossiyada ularni o‘zlashtirish bo‘yicha yetarli ishlar qilinmayotganini tan oldi.

“Nodir, noyob tuproq metallari iqtisodiyotning zamonaviy tarmoqlari uchun juda muhim tarkibiy qism, juda muhim manba hisoblanadi. Va biz hozircha bu yo‘nalishda kam ish qilyapmiz. Biz ko‘proq ish qilishimiz kerak”, degan edi u.

Avstraliyaning “Small Caps” internet-nashri AQSH Geologik xizmati ma’lumotlariga tayanib, 2024 yilda Rossiyada noyob tuproq metallari zaxiralari 3,8 million tonnani tashkil etganini yozgan. Nashrga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya dunyoda Xitoy, Braziliya, Hindiston va Avstraliyadan keyin beshinchi o‘rinni egallaydi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar AQSHga nodir yer metallar yetkazib berish va’da qilinsa, Ukrainaga yordam davom ettirilishini bildirgan edi. Joriy yilning 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH bilan metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Putin nodir er metallari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing