Tramp Putinni Zelenskiydan ustun qo‘ydi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan kelishuvga erishish Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan kelishishga nisbatan ancha qiyin ekanini bildirdi. Bu haqda u NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytgan.

Trampning ta’kidlashicha, u Zelenskiyning kelishuv tuzishni istamayotganidan hayratda.

“Zelenskiy nega kelishuv tuzishni istamayotganidan hayronman. Zelenskiyga aytinglar, u kelishuv tuzsin, chunki Putin kelishuvga tayyor”, degan Tramp.

Nashrning yozishicha, Trampning bu bayonotlari AQSH tomonidan Rossiya neftiga nisbatan qo‘llangan ayrim sanksiyalar yumshatilganidan keyin jahon yetakchilari tomonidan bildirilgan tanqidlar ortidan yangragan. Vashington bu qadamni jahonda neft narxlarining keskin oshishini yumshatish maqsadida amalga oshirgan.

Mart oyi boshida Vladimir Zelenskiy Ukraina harbiylarining Rossiya dronlarini yo‘q qilish tajribasidan foydalanib, AQSH va uning ittifoqchilariga Yaqin Sharqda Eron dronlarini tutishda yordam berishni taklif qilgan edi. Biroq Tramp intervyu davomida “bizga yordam kerak emas” deb javob berib, “bizga yordami kerak bo‘lmagan eng oxirgi odam – bu Zelenskiy”, deb qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, mart oyi boshida Tramp Zelenskiyni Rossiya bilan tinchlikka erishish yo‘lida to‘siq deb atagan edi. Tramp shu bilan birga Vladimir Putin kelishuv tuzishni istayotganini, Ukraina rahbari esa bu borada yetarlicha tayyorlik ko‘rsatmayotganini aytgan. Oq uy rahbari muzokaralar jarayoni davom etayotganini ham ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron parlamenti Milliy xavfsizlik komissiyasi raisi Ibrohim Aziziy o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron, agar Ukraina Isroilga harbiy yordam ko‘rsatishni, xususan, dronlar yetkazib berishni davom ettirsa, ushbu mamlakatga raketa zarbalari berishni boshlashi haqida yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing