Tramp Putindan so‘ng Zelenskiy bilan ham qo‘ng‘iroqlashdi
Olam
−
05 iyul 3778 2 daqiqa
Kecha, 4 iyul kuni Ukraina va AQSH Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, uni Ukraina rahbari “juda muhim va samarali” deb atadi. Telefon muloqoti haqida Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, mavzular Ukraina frontidagi mavjud vaziyat, shuningdek, Rossiya havo hujumlari haqida bo‘lgan.
“Biz havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini muhokama qildik va osmonimizni himoya qilishni kuchaytirish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldik”, dedi u.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari mudofaa sanoati va qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida “mufassal gaplashib olgan”.
“Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri loyihalarga tayyormiz va bu xavfsizlik uchun, ayniqsa dronlar va tegishli texnologiyalarga nisbatan juda muhim, deb hisoblaymiz”, dedi Vladimir Zelenskiy.
Ukraina yetakchisi telefon suhbati chog‘ida Trampni AQSH Mustaqillik kuni bilan tabrikladi, unga Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi hamda “adolatli, mustahkam va munosib tinchlik”ga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qayd etdi.
Oq uy hali Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi suhbatga izoh bermadi. “Axios” muxbiri Barak Ravidning manbasiga tayanib xabar berishicha, AQSH va Ukraina Prezidentlari o‘rtasidagi suhbat taxminan 40 daqiqa davom etgan. Davlat rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga zarbalarini kuchaygani va Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish masalalarini muhokama qilgan.
“Der Spiegel”ning yozishicha, Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin AQSH Prezidenti 4 iyul kuni ertalab Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan telefonda gaplashib, Ukraina havo mudofaasi masalasini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 3 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgandi. Muloqotdan so‘ng Tramp Putin bilan telefon suhbat chog‘ida Ukrainadagi urushni tugatish masalasida hech qanday muvaffaqiyatga erishmaganini aytdi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr