Tramp Putindan keyin Zelenskiy bilan ham gaplashdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilganini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat taxminan bir soat davom etgan.

“Muzokaralarning asosiy qismi kecha Prezident Putin bilan bo‘lgan suhbatga asoslandi. Unda Rossiya va Ukraina ehtiyojlari hamda talablarini muvofiqlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz va men Davlat kotibi Marko Rubio hamda Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uoltsni muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aniq bayonot berishga chaqiraman. Ushbu bayonot yaqin orada e’lon qilinadi”, deb yozdi Tramp.

Qayd etish joiz, Tramp qayta Prezidentlikka kirishganidan so‘ng, fevral oyida ham dastlab Vladimir Putin, keyin esa Zelenskiy bilan gaplashgan edi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 mart kuni Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi. Suhbat Moskva vaqti bilan taxminan soat 17:00 da boshlangan va ikki yarim soat davom etgan. Muloqot davom etayotgan paytda Oq uy apparati rahbarining o‘rinbosari Den Skavino uni “yaxshi o‘tmoqda” deb ta’kidlagan. Muloqotda Donald Tramp tomonlar o‘rtasida 30 kun davomida energetika infratuzilmasiga zarba berishdan voz kechish taklifini ilgari surgan. Vladimir Putin bu tashabbusga ijobiy munosabat bildirgan va Rossiya harbiylariga tegishli ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, ular Yaqin Sharq mintaqasini kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun hamkorlik maydoni sifatida muhokama qilgan hamda strategik qurollarning tarqalishini to‘xtatish zarurligini ta’kidlab, ushbu masalada keng qamrovli choralar ko‘rish uchun boshqa tomonlar bilan hamkorlik qilishga kelishib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing