Tramp “Ozodlik loyihasi” to‘xtatilganini aytdi
Olam
−
10:28 1193 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozida kemalarni kuzatishga asoslangan “Ozodlik loyihasi” vaqtincha to‘xtatilganini aytdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Trampning aytishicha, bu qaror Eron bilan kelishuvni yakunlash imkoniyatini ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan. Unga ko‘ra:
- qaror Pokiston va boshqa davlatlar iltimosiga binoan qabul qilingan;
- AQSH Eron bilan harbiy harakatlarda “katta muvaffaqiyatga erishgan”;
- tomonlar o‘rtasida yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha sezilarli siljish bor.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa avvalroq “Epik g‘azab” operatsiyasi yakunlanganini va barcha maqsadlar bajarilganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Eron bilan keng qamrovli kelishuvga erishmoqchi.
Bir necha kun oldin Tramp AQSH Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarga yordam berishini aytgandi. U bu operatsiyani gumanitar deb atab, dengizchilarga oziq-ovqat va boshqa zarur narsalar yetkazib berish zarurligini ta’kidlagan.
Biroq Eron tomoni keskin ogohlantirish bergan. Eron Qurolli kuchlari markaziy shtabi AQSH kemalari bo‘g‘ozga yaqinlashsa, ularga zarba berishga tayyor ekanini bildirgan.
Bundan tashqari, Tramp “Fox News”ga bergan intervyusida agar Eron AQSH kemalariga hujum qilsa, “Eronni yer yuzidan yo‘q qilamiz” deb tahdid qilgan. AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset ham bunday holatda kuchli javob zarbasi berilishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hormuz bo‘g‘ozida AQSHning ikki harbiy kemasiga Eron tomonidan raketa, dron va harbiy katerlar bilan hujum qilingani haqida xabar berilgan edi. Pentagon esa kemalar zarar ko‘rmaganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi