Tramp Hormuz bo‘g‘ozida yangi operatsiya boshladi
Olam
−
04 may 6532 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarni chiqarish operatsiyasi boshlanadi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Tramp tarmoqda qilgan bayonotida, neytral davlatlarga tegishli kemalar bo‘g‘ozdan chiqib ketishi uchun Amerika ularni kuzatib borishini ma’lum qildi. “Project Freedom” (“Ozodlik loyihasi”) deb nomlangan operatsiya bugun, 4 may kuni ertalab boshlandi.
Trampning aytishicha, bu kemalar Yaqin Sharqdagi mojaroga umuman aloqador emas. Ular “oddiy, aybsiz va neytral kuzatuvchilar” bo‘lib, yuzaga kelgan vaziyat qurboniga aylangan.
Prezidentning ta’kidlashicha, operatsiya uchinchi davlatlarning murojaatlaridan so‘ng boshlangan. Ular o‘z kemalarini blokadadan chiqarishda yordam so‘ragan. Tramp bu harakatni AQSH, mintaqa davlatlari va qisman Eron tomonidan amalga oshirilayotgan “gumanitar qadam” deb atagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab kemalarda oziq-ovqat va zarur vositalar tugab bormoqda. Shu sababli ekipajlar uchun xavf kuchaygan.
“Chiqarilgan kemalar hudud xavfsiz bo‘lmaguncha Hormuz bo‘g‘oziga qaytmaydi. Agar operatsiyaga to‘sqinlik qilinsa, AQSH bunga kuch bilan javob berishi mumkin”, degan Tramp.
Biroq Eron tomoni bu tashabbusga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgan. Eron parlamentining milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Ibrohim Asisiy AQSH aralashuvi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish sifatida baholanishi mumkinligini ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron AQSHga urushni yakunlash bo‘yicha yangi – 14 banddan iborat reja yuborgan edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu reja uch bosqichni o‘z ichiga oladi: avvalo o‘t ochishni to‘xtatish, keyin muzokaralar orqali uzoq muddatli kelishuvga erishish.
Keyinchalik, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron tomonidan taklif qilingan uch bosqichli tinchlik rejasini rad etgan.
Live
Barchasi