Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
Olam
−
16 noyabr
4985AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uy matbuot kotibi lavozimiga 27 yoshli Karolin Livittni tayinladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Livitt ushbu lavozimdagi eng yosh matbuot kotibi sifatida tarixga kiradi. U ilgari Trampning saylovoldi kampaniyasida matbuot bilan aloqalar uchun mas’ul bo‘lgan, shuningdek, uning birinchi prezidentlik davrida matbuot kotibi yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan. Ma’lum bo‘lishicha, Tramp o‘zining birinchi to‘rt yillik prezidentlik davrida to‘rt nafar matbuot kotibini almashtirgan.
Tramp Livittni maqtab, uni aqlli va qattiqqo‘l hamda “samarali muloqot qiluvchi” ekanini ta’kidlagan.
“Men uning ushbu minbarda muvaffaqiyat qozonishiga va Amerika xalqiga bizning qayta buyuklik sari qadamlarimizni tushuntirishda yordam berishiga to‘liq ishonaman”, dedi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Donald Tramp o‘zining bo‘lajak ma’muriyatidagi lavozimlarga nomzodlarni tanlamoqda. Tramp Florida shtatidan senator Marko Rubioni Davlat kotibi, kongressmen Mett Getsni esa Adliya vaziri va Bosh prokuror etib tayinlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, Tramp “Fox News” telekanali boshlovchisi Pit Xegsetni Pentagon rahbari, kongressmen Mayk Valsni Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi va biznesmen Ilon Maskni AQSH Hukumat samaradorligi departamentiga rahbar etib tayinlashga qaror qilgan edi. Shuningdek, Donald Tramp “Fox Business” telekanali boshlovchisi va iqtisodchi Larri Kadlouni iqtisodiyot va moliya sohasida yuqori lavozimga tayinlashni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi