O‘zbekistonda karantin cheklovlari yumshatildi. Nimalarga ruxsat berildi?

Jamiyat

image

Bugun, 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Davlat rahbari yig‘ilish davomida qator karantin cheklovlarini yumshatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Birinchi navbatda, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat beriladi. Bunda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish talab etiladi. Topshiriqning ijrosini so‘zsiz ta’minlash Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga yuklandi. Toshkent shahri bu borada namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Ikkinchidan, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bosh prokuror boshchiligidagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash komissiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarga yetkazib berish bo‘yicha 24 soat ishlaydigan uzluksiz tizim tashkil etiladi .

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi dehqon va fermer xo‘jaliklarining avtotransport vositalarini hududlararo postlarda kutib olish, ularni tashkil etilgan yarmarkalar va savdo nuqtalariga tartib bilan kuzatib borishni ta’minlanadi. Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi sotish uchun olib kelinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, savdo maydonchalari, yarmarka va bozorlarga yo‘naltirib boriladi.

Uchinchidan, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tegishli cheklovlar o‘rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini ta’minlanadi. Avtomobillarga harakatlanish haqidagi ruxsat aniq sanasi maxsus komissiya qarori bilan belgilanadi.

Ushbu topshiriqqa binoan shaxsiy avtotransportdan, birinchi navbatda, fuqarolar ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borishi va uyiga qaytishi, iste’mol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilishi uchun foydalanishi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, maxsus ruxsatnomalarga (stikerlarga) ega va yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan fuqarolar esa shaxsiy avtotransportda hech qanday cheklovsiz harakatlanishi mumkinligi ta’kidlandi.

To‘rtinchidan, olimlarga, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga, professor-o‘qituvchilarga sanitariya-gigiyena normalarini ta’minlagan holda o‘z laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda bemorlar soni 1969 kishini tashkil qilmoqda. Bugungacha bemorlarning 1096 nafari sog‘aygan, 8 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

436

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing