Tramp Noemni vazirlikdan quvdi
Olam
−
06 mart 9422 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda u kecha, 5 mart kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, Kristi Noem mart oyi oxirida AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi rahbari lavozimini tark etadi. Uning o‘rniga Tramp Respublikachi senator Markueyn Mallin nomzodini ilgari surgan. Uning nomzodi hali AQSH Senati tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Noemning iste’fosiga Minneapolis shahrida ikki nafar AQSH fuqarosi – Rene Gud va Aleks Prettining migratsiya xizmati xodimlari tomonidan o‘ldirilishi atrofidagi mojaro sabab bo‘lgani aytilmoqda. Vazir ularni “ichki terroristlar” deb atagan va voqea tafsilotlari aniqlanganidan keyin ham bu so‘zlari uchun uzr so‘rashdan bosh tortgan.
Shuningdek, 220 million dollarlik reklama kampaniyasi ham tanqidlarga sabab bo‘lgan. Unda Kristi Noem ot minib, Maunt Rashmor fonida tasvirga tushgan. Kongress eshituvlarida u bu kampaniya byudjeti Tramp tomonidan ma’qullanganini aytgan, ammo Tramp buni rad etgan.
Tramp Kristi Noemga ishi uchun minnatdorlik bildirib, u ma’muriyatda G‘arbiy yarim shar xavfsizligi bilan shug‘ullanadigan yangi tuzilmaga rahbarlik qilishini ma’lum qilgan.
Noemning ehtimoliy vorisi Markueyn Mallin ham Trampning qat’iy immigratsiya siyosatini qo‘llab-quvvatlovchilardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, tahlilchilarga ko‘ra, AQSH ma’muriyatida immigratsiya siyosati asosiy tashabbuskorlaridan biri Stiven Miller bo‘lib qolmoqda.
Eslatb o‘tamiz, avvalroq AQSH Immigratsiya xizmati xodimi Minneapolis shahrida ayolni otib o‘ldirgandi. Ayol avtomobil bilan huquq-tartibot idoralari xodimlarini urib yuborishga uringan. 37 yoshli jarohatlangan ayol shifoxonaga yetkazilgan, biroq vafot etgan. U oila a’zolaridan birining ko‘z o‘ngida otib tashlangan. Hodisa 2020 yilda politsiya xodimi tomonidan Jorj Floyd o‘ldirilgan joydan taxminan 1,5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
Live
Barchasi