Tramp Meksika hududiga zarba berish ehtimolini inkor etmadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Meksikaga zarba berish ehtimolini istisno etmadi. Bu haqda u kecha, 17 noyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“Bu meni qoniqtiradi. Narkotik oqimini to‘xtatish uchun nima qilish kerak bo‘lsa, shuni qilishimiz shart”, deydi AQSH Prezidenti jurnalistning savoliga javoban.

Trampning aytishicha, u Meksikaning harakatlaridan “mamnun emas”. Shuningdek, u narkotrafikni to‘xtatish uchun harbiy choralar ko‘rish qarori qabul qilinsa, bundan “faxrlanishini” aytgan. Biroq bunday qadam tashlanadigan bo‘lsa, avvalo Kongressga murojaat qilishini bildirgan.

“Demokratlar ham, respublikachilar ham, agar aqldan ozmagan bo‘lishsa, bunga rozi bo‘lishadi. Demokratlar esa biroz tentakroq”, deydi Tramp.

Tramp, shuningdek, Kolumbiyadagi “kokain ishlab chiqaruvchi fabrikalar” haqida gapirib, ularni yo‘q qilishga shaxsan “faxr bilan” buyruq berishni istashini aytgan.

“Men buni qilaman demayapman, ammo bundan faxrlanardim”, deydi u.

Shu bilan birga, o‘tgan haftada AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH Meksika bilan narkokartellarga qarshi kurashda “ilgari hech qachon bo‘lmagan darajada yaqin hamkorlik qilayotganini”, Tramp ma’muriyati esa mamlakatga qarshi “yakka tartibdagi harakatlar” yoki qo‘shin kiritishni rejalashtirmayotganini bildirgan.

AQSH bir necha meksikalik narkokartellarni xorijiy terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. NBC’ning noyabr boshidagi xabariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Meksika hududida yerusti operatsiyalarini rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, AQSH harbiylari dronlardan foydalanib, narkolaboratoriyalarni, shuningdek kartel a’zolari va yetakchilarini nishonga olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Venesuelaga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshlash yoki zarba berish masalasida hali qaror qabul qilmagani haqida xabar berilgan edi. Trampning nazarida mintaqada AQSH harbiylarining kuchaytirilgan ishtiroki, jumladan mamlakatning eng zamonaviy avianosetsining joylashtirilishi va 15 minggacha harbiy xizmatchining yuborilishining o‘ziyoq bosim vositasi bo‘lib, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni bevosita harbiy aralashuvsiz iste’foga berishga majbur qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing