Tramp “Makka kelishuvi”ni olqishladi
Olam
−
15:21 1139 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida tuzilgan Makka qo‘shma mudofaa kelishuvini “muhim qadam” deb atadi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu bitimni “katta, jasoratli va muhim ilk qadam” deb atagan. Uning fikricha, kelishuv Yaqin Sharq mamlakatlarining birlashayotganini ko‘rsatadi va ularga o‘z xavfsizligini mustaqil ravishda ta’minlash imkonini beradi.
“Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston nihoyat Makka qo‘shma mudofaa kelishuvini imzolaganini ko‘rib juda xursandman”, deb yozgan Tramp.
Ushbu pakt uch davlat o‘rtasidagi uzoq muddatli xavfsizlik hamkorligini rasman mustahkamlaydi hamda NATO tamoyillariga o‘xshash jamoaviy mudofaa mexanizmini yaratadi.
“Bu Yaqin Sharq qanday qilib birlashayotganini va mamlakatlar nihoyat o‘zlarini yanada samarali himoya qila olishini ko‘rsatadi”, degan AQSH Prezidenti.
Mazkur kelishuv joriy yilning 7 avgust kuni Makkada Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolangan edi. Hujjatga ko‘ra, uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum barchasiga qilingan hujum sifatida baholanadi.
Bildirilishicha, pakt Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda mudofaa sanoati sohasidagi aloqalarni kengaytirishni nazarda tutadi. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor ushbu kelishuv boshqa davlatlarga qarshi qaratilmaganini va mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun ham ochiq ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan imzolangan o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi Makka kelishuvi uch davlatning strategik irodasi namunasi bo‘lib, biror davlatga qarshi qaratilgan emasligini bildirgan edi.
Live
Barchasi