Qo‘rqmang, Makka kelishuvi hech kimga qarshi emas – Erdo‘g‘an
Olam
−
16:23 1353 2 daqiqa
Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan imzolangan o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi Makka kelishuvi uch davlatning strategik irodasi namunasi bo‘lib, biror davlatga qarshi qaratilgan emas. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Asharq Al Awsat” gazetasiga ma’lum qildi.
“Mintaqa muammolari uning ishtirokchilarining o‘zlari tomonidan hal qilinishi kerak degan tushunchaga asoslangan o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi Makka kelishuvi biror-bir alohida davlatga qarshi qaratilgan blok tuzishga emas, balki tinchlik, barqarorlik, hamjihatlik va jamoaviy tiyib turishga asoslangan strategik irodaning ifodasidir. Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan tashlangan bu tarixiy qadam bir mamlakat xavfsizligi – barchaning xavfsizligi degan tushunchani o‘zida mujassam etadi”, deya Erdo‘g‘anning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Turkiya Prezidenti ma’muriyatining Kommunikatsiyalar departamenti.
Turkiya yetakchisining ta’kidlashicha, kelishuv barcha birodar mamlakatlar uchun ochiqdir. Uning fikricha, mintaqa kelajagini endi uning davlatlari irodasini inobatga olmay va tashqaridan tiqishtirilgan yechimlar asosida shakllantirib bo‘lmaydi.
Erdo‘g‘an Turkiya suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilishga asoslangan, xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik birgalikda mustahkamlanadigan mintaqaviy tartibni barpo etish tarafdori ekanini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud, Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Makka kelishuvini imzoladi. Hujjatga ko‘ra, mamlakatlardan biriga qilingan hujum kelishuvning barcha ishtirokchilariga qarshi tajovuz deb baholanadi.
Live
Barchasi