Tramp Xitoy Eronga qurol sotmaslikka va’da berganini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ularning uchrashuvi davomida Eronni qurol-yarog‘ bilan ta’minlamaslikka va’da berganini aytdi. Bu haqda Tramp bugun, 14 may kuni “Fox News”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“U [Eronga] qurol-yarog‘ yetkazib bermasligini aytdi”, deydi Tramp. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Si Szinpin Yaqin Sharqdagi nizoni hal qilishda yordam taklif qilgan va agar zarur bo‘lsa, ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

Oq uyning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabariga ko‘ra, muzokaralar davomida tomonlar Tehron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligi hamda Hormuz bo‘g‘ozi neft va gazning erkin tranziti uchun ochiq qolishi zarurligi bo‘yicha ham kelishuvga erishgan.

Bayonotda aytilishicha, Si Szinpin bo‘g‘ozni harbiylashtirishga va uning ishlatilishini cheklashga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi chiqqan. Shuningdek, u Xitoyning ushbu mintaqa orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarga qaramligini kamaytirish maqsadida Amerika nefti xaridini ko‘paytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Bundan tashqari, Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi masalalar muhokama qilingan:

  • Amerika kompaniyalarining Xitoy bozoriga kirishini kengaytirish;
  • Xitoyning AQSH sanoatiga yo‘naltirilgan investitsiyalarini oshirish;
  • Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini ko‘paytirish;
  • AQSHga fentanil prekursorlari oqimini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurati.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp delegatsiya hamrohligida davlat tashrifi bilan Pekinga uchib borgan edi. Bu AQSH rahbarining so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi XXRga ilk tashrifi hisoblanadi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH va Xitoy yetakchilarining Pekindagi muzokaralari ikki soatdan ko‘proq davom etgan. Tramp va Si Szinpin uchrashuvining markaziy mavzusi Tayvan atrofidagi vaziyat bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing