Tramp Kennedining o‘ldirilishiga oid hujjatlarni maxfiylikdan chiqarishni buyurdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 23 yanvar kuni 1963 yilda prezident Jon Kennedi, 1968 yilda uning ukasi Robert Kennedi va o‘sha yili fuqarolik huquqlari yetakchisi Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hukumat hujjatlarini maxfiylikdan chiqarishni buyurdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

"Hammasi oshkor bo‘ladi", dedi Prezident Oq uyning Oval kabinetida buyruqni imzolar ekan.

2024 yil noyabr oyi oxirida, saylovdagi g‘alabasidan so‘ng, Donald Tramp saylovoldi kampaniyasidagi va’dasini takrorlab, Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq, “o‘ta maxfiy” deb tasniflangan va Milliy arxivda saqlanayotgan yakuniy hujjatlarni oshkor qilish to‘g‘risida va’da bergandi.

Jon Kennedining o‘ldirilishini tergov qilgan rasmiy komissiya 1964 yilda sobiq dengiz piyodasi, bir paytlar Sovet Ittifoqida yashagan Li Xarvi Osvald yolg‘iz harakat qilgan, degan xulosaga keldi.

Biroq prezident Kennedining o‘ldirilishi hali ham ko‘p taxminlarga sabab bo‘lmoqda. 2022 yil dekabrida Milliy arxiv Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq 13 000 dan ortiq hujjatlarni e’lon qildi. Biroq Bayden ma’muriyati milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan yana minglab hujjatlarning e’lon qilinishiga to‘sqinlik qildi.

Jon Kennedining ukasi Robert Frensis Qo‘shma Shtatlar Bosh prokurori lavozimida ishlagan. U 1968 yil 5 iyunda Los-Anjelesda Demokratik prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish uchun asosiy da’vogar bo‘lgan paytda o‘ldirilgan.Robert Kennedi Ambassador mehmonxonasida nutqini tugatgach, falastinlik muhojir tomonidan otib o‘ldirilgan.

Fuqarolik huquqlari yetakchisi Martin Lyuter King 1968 yilning 4 aprelida ish tashlagan axlatchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun Memfisga (Tennessi shtati) borganida oq tanli segregatsiyachi tomonidan o‘ldirilgan.

Tramp kecha, 23 yanvar kuni bir qator boshqa farmonlarga ham imzo chekdi, jumladan, abortga qarshi namoyishchilarning 23 nafarini afv etish. Afvlar Vashingtonga abortga qarshi faollarni olib keladigan yillik “Hayot uchun marsh”dan bir kun oldin imzolangan.

"23 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Ularni qamamaslik kerak edi. Ularning aksariyati keksalar. Ularni sud qilmaslik kerak edi. Ushbu farmonni imzolash men uchun katta sharafdir", dedi Tramp sudlanganlarning ba’zilari hamon qamoqda qolayotganini "absurd" deb atab.

O‘sha kuni Donald Tramp uning ma’muriyati sudyaning tug‘ilganlik bilan fuqarolik olishni cheklash haqidagi buyrug‘ini vaqtincha bloklash haqidagi qarori ustidan shikoyat qilishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sietldagi federal sudya Trampning bola tug‘ilishi bilan avtomatik fuqarolik olishini cheklash haqidagi buyrug‘ini bloklab, uni “ochiq-oydin konstitutsiyaga zid” deb atagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Martin Lyuter King Jon Kennedi Robert Kennedi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing