Tramp Kanadaga qarshi yana boj joriy etmoqchi
Olam
−
11 iyul 1866 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 1 avgust kunidan Kanadadan olib kiriladigan barcha mahsulotlarga 35 foiz boj solig‘i joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda AQSH rahbari o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Tramp ushbu qaror Kanadani AQSH bilan hamkorlik qilmagani va o‘z stavkalarini e’lon qilgani uchun joriy etilganini bildirgan.
“Kanada AQSH bilan hamkorlik qilish o‘rniga o‘zining boj stavkalarini kiritdi. Shu sababli, 1 avgustdan boshlab biz Kanadadan AQSHga olib kiriladigan mahsulotlarga alohida 35 foiz boj solig‘ini qo‘llaymiz – bu boshqa sohalarga tegishli bojlardan tashqari”, deya yozgan AQSH rahbari.
Ma’lumot uchun, AQSH, Kanada va Meksika o‘rtasida tuzilgan savdo bitimiga kirmagan Kanadadan olib kiriladigan tovarlarga avval 25 foiz boj solig‘i mavjud edi. Energiya mahsulotlariga esa 10 foiz boj solig‘i qo‘llanilgan. Qolaversa, Tramp 2025 yilning iyun oyi oxirida Kanada bilan barcha savdo muzokaralarini to‘xtatganini e’lon qilgan edi. Sabab – Kanadaning raqamli xizmatlar solig‘ini joriy qilishi. Bu soliq 30 iyun kuni kuchga kirishi kerak edi. Kanada hukumati esa bunga javoban muayyan po‘lat turlariga kvotalar joriy etdi hamda kvotadan ortiq import qilinadigan po‘latga 50 foizlik qo‘shimcha boj belgiladi.
Shu bilan birga, Kanada Moliya vaziri bu choralarning “AQSHning nohaq boj siyosatiga qarshi” choralar ekanini aytdi va ular milliy sanoatni himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan boshlab 14 ta davlatga yangi savdo bojlarini joriy etilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Ular orasida qo‘shni Qo‘zog‘iston ham bor va Tramp ma’muriyati u yerdan olib kiriladigan mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy etilishi haqida ogohlantirgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr