Tramp ilk bor Kiyevga NATOga o‘xshash kafolat taklif qildi – “Axios”

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu kafolatlar NATO shartnomasining 5-moddasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, AQSH va Yevropa ittifoqchilarini Ukrainaga qilingan har qanday hujumni butun “transatlantika hamjamiyati”ga qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Bu haqda o‘zi qo‘lga kiritgan hujjatga tayanib, bugun, 21 noyabr kuni “Axios” portali xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujjat kecha, 20 noyabr kuni AQSH quruqlik qo‘shinlari (Armiyasi) vaziri Deniyel Driskoll Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga taqdim etgan 28 moddadan iborat rejani to‘ldiradi.

Nashrning yozishicha, yangi hujjat Ukrainadan “og‘ir barterlar”ni talab qiladi, biroq shu bilan birga “mutlaqo pretsedentsiz va’dani” ham o‘z ichiga oladi. Zelenskiyning tinchlik muzokaralaridagi asosiy maqsadi – AQSH va Yevropadan ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olish. “Axios”ning ta’kidlashicha, bu birinchi marta Oq uy rahbari tomonidan bunday kafolatlarni taklif qilishga tayyorlik bildirilishidir.

Ukraina uchun yangi kafolatlar hujjati

28 banddan iborat dastlabki kelishuvda “Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlarini oladi” degan umumiy bayonot bor edi, ammo batafsil ma’lumotlar berilmagan. “Axios” qo‘liga tushgan yana bir loyihaga ko‘ra, Rossiya tomonidan Ukrainaga nisbatan har qanday kelajakdagi “sezilarli, qasddan va uzoq davom etuvchi qurolli hujum” NATO va transatlantik hamjamiyat xavfsizligiga tahdid sifatida baholanadi.

Matnda aytilganicha, AQSH va uning ittifoqchilari bu holatga harbiy kuch ishlatishni ham o‘z ichiga olgan tarzda javob berishga tayyor. Xavfsizlik kafolatlari 10 yil amal qiladi va o‘zaro kelishuvga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. “Axios” manbasi ta’kidlashicha, bu taklif hali Yevropa hamkorlari bilan muhokama qilinadi va unga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Yangi hujjatda Ukraina, AQSH, YeI, NATO va Rossiya imzosi uchun joy qoldirilgan. Oq uyining yuqori martabali rasmiysining ma’lum qilishicha, Rossiya bu haqida xabardor qilingan, ammo oxir-oqibat Vladimir Putinning imzosi talab etiladimi-yo‘qmi – hali aniq emas.

Bugun, 21 noyabr kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Moskvaga Zelenskiyning tinchlik rejasi bo‘yicha muzokara o‘tkazishga tayyorligi haqida hech qanday axborot berilmagan.

Uitkoff Umarov bilan xavfsizlik kafolatlarini muhokama qildi

“Axios” manbasiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati taklif etilayotgan xavfsizlik kafolatini Zelenskiy va Ukraina uchun uzoq muddatli xavfsizlik borasida “katta yutuq” deb baholamoqda. 

AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff 28 banddan iborat reja ustida ishni boshqarayotgan shaxs sifatida o‘tgan dam olish kunlari (15–16 noyabr) Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov bilan taklif etilgan kafolatlarni muhokama qilgan. “Axios”ning yozishicha, 20 noyabr kuni ushbu kafolatlar yozma ravishda Zelenskiyga topshirilgan.

28 banddan iborat tinchlik rejasi

AFP agentligining kecha, 20 noyabr kuni e’lon qilgan xabariga ko‘ra, Ukraina Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan 28 bandli yangi tinchlik rejasi doirasida Rossiyaga ma’lum imtiyozlar berishga majbur bo‘lishi kutilmoqda. Rejaning 2-bandida Ukraina, Rossiya va YeI “keng qamrovli hujum qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuv”ni imzolaydi, so‘nggi 30 yildagi barcha nizoli masalalar hal qilingan deb hisoblanadi, deyilgan.

Rejaga ko‘ra, Qrim yarimoroli, Donetsk va Lugansk hududlari de-fakto Rossiyaniki, deb tan olinadi. Xerson va Zaporoje mintaqalari esa frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘linishi kerak. Har ikki davlat kelgusida kuch ishlatib chegaralarni o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. NATO qo‘shinlari Ukraina hududiga joylashtirilmasligi lozim.

Ushbu taxminiy Tramp rejasiga muvofiq, Ukraina tiklanishi uchun AQSH va Yevropa mablag‘ ajratadi. Shuningdek, Rossiyaning 100 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlari ham shu maqsadda sarflanadi. Hujjatga ko‘ra, Rossiyaga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi va Moskva–Vashington o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolanadi.

AFP ma’lumotiga ko‘ra, rejada tinchlik shartnomasi imzolangan zahoti o‘t ochishni to‘xtatish va “hammani hammaga” formatida harbiy asirlar almashinuvi nazarda tutilgan. Kelishuv bajarilishini nazorat qilishni Donald Tramp rahbarligidagi “tinchlik kengashi” amalga oshiradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing