Tramp nishonidagilar – Kanada, Grenlandiya, Meksika va Panama
Tahlil
−
09 yanvar
1605AQSHning saylangan prezidenti sifatida Donald Trampning keyingi 4 yillik boshqaruvi hayrat va kutilmagan voqeliklarga to‘la bo‘lishini oldindan taxmin qilish qiyin emasdi. O‘zining birinchi prezidentlik mandatida dunyo siyosiy maydonini olamshumul qarorlari bilan doimiy tarzda qizdirgan nyu-yorklik biznesmen bu galgi 4 yillikni ham sershovqin o‘tkazish niyatida. U hali inauguratsiya marosimiga yetmasidan bir necha yillik munozaralarga sabab bo‘luvchi xurmacha qiliqlarni qilib bo‘ldi. Meksika va Kanadadek yirik davlatlarga AQSHning navbatdagi shtatlariga aylanish taklifi, Panama kanalini tortib olish va Grenlandiya orolini sotib olish bo‘yicha takliflar shular jumlasidandir. Meksika va Kanada masalasi kulgili va bir vaqtning o‘zida shirin tushdek tuyulishi shubhasiz. Ammo Trampning keyingi ikki harakati ehtimollar nazariyasi doirasining ko‘pi bilan eng chekkasidan o‘rin olishga haqlidek go‘yo. Panama kanali masalasi tushunarli. Bunga keyingi dasturlarda to‘xtalamiz. Hozir esa ortda qolgan 2024 yilning so‘nggi kunlarida Oq uyning bo‘lajak egasi Donald Trampning xayoliga yana qaytadan kelib qolgan eski Grenlandiya orzusi haqida so‘z yuritiladi.
Birinchi hamla
2024 yil dekabr oyi oxirida Donald Tramp Grenlandiya AQSHga “milliy xavfsizlik va butun dunyoda erkinlikni ta’minlash maqsadida” kerak ekanini ta’kidlagan edi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida “Grenlandiyani yana buyuk qilamiz” degan shiorni yozib qoldirdi. Shundan so‘ng Daniya qirolligi tarkibiga kiruvchi Grenlandiya oroli bosh vaziri Mute Egede darhol Trampning orolga egalik qilishi haqidagi so‘zlariga javob qilib, Grenlandiya sotilmasligini aytdi.
“Grenlandiya – bizniki. Biz sotmaymiz va hech qachon sotilmaganmiz. Erkinlik uchun uzoq yillik kurashimizni boy bermasligimiz kerak”, degan Mute Egede.
Aslida Tramp va Grenlandiya atrofidagi bunday gap-so‘zlar bugun to‘satdan paydo bo‘lib qolmagan. Uning birinchi prezidentlik muddatida ham xuddi shu mazmundagi xabarlar urchigandi. 2019 yilda ommaviy axborot vositalarida Tramp Grenlandiyani sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Trampning o‘zi keyinroq jurnalistlarga bundan manfaatdor ekanini tasdiqlagan. O‘sha paytda Trampning bu istagi Vashington va Kopengagen o‘rtasida diplomatik munosabatlarga sovuqchilik tushirgandi. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen bu g‘oyani “absurd” deb atagan. O‘shanda voqelik shu tarzda dahanaki javob harakatlari bilan sekin-asta tinchigan. Biroq bugun barchasi boshqacha ko‘rinish olgandek taassurot uyg‘otmoqda. Chunki Qo‘shma Shtatlarning saylangan prezidenti tomonidan aytilgan bu taklif ortidan Skandinaviyada xotirjamlik o‘rnini bezovtalik egalladi.
Daniya va Grenlandiya chaqiriqni jiddiy qabul qildi
Donald Tramp Vashington orolni o‘z nazoratiga olishi kerakligini aytganidan keyin Daniya hukumati Grenlandiya mudofaasi uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qildi. Ular shu kungacha orolga yetarlicha sarmoya kiritmagani va bu yerda ishtirokini zarur darajada kuchaytirmaganini tan olib, hudud mudofaasi uchun harbiy uskunalar sotib olishga va’da berdi. Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen OAVga Grenlandiya mudofaasi uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori kron hisobida “ikki xonali milliard”ni tashkil qilishini ma’lum qilgan. U aniq miqdorni aytmagan bo‘lsa-da, mahalliy nashrlar bu summani 12-15 milliard kron, ya’ni 2 milliard dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda.
“Bu pul evaziga Daniya ikkita yangi kema va bir xil miqdordagi uzoq masofaga uchuvchi dronlarni sotib olishi mumkin bo‘ladi. Biz ko‘p yillar davomida Arktikaga yetarlicha sarmoya kiritmadik, endi o‘z ishtirokimizni kuchaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi Poulsen.
Bundan tashqari, Daniya orol poytaxti Nuukdagi Arktika qo‘mondonligi xodimlari sonini ko‘paytirish niyatida. Shuningdek, Daniya qirolligi Grenlandiyaning uchta asosiy fuqarolik aeroportlaridan birini F-35 tovushdan tez uchuvchi qiruvchi samolyotlarni boshqarish uchun yangilashi haqida ham xabarlar mavjud. Shuningdek, Daniya masalaga faqat moliyaviy tomondan yondashmayapti. Qirollik bu ishga ramziy tus berishga ham ulgurdi. Xususan, 500 yildan beri amal qilib kelayotgan davlat gerbini o‘zgartirishga qaror qilindi. Daniya qiroli Frederik X gerbdan uchta toj tasvirini olib tashlashni buyurgan. Ushbu tojlar Daniyaning Norvegiya va Shvetsiya bilan bir vaqtlar yagona uniyada bo‘lganini ifodalardi. Endilikda esa gerbda Grenlandiyani ifodalovchi oq ayiq hamda Farer orollarini ifodalovchi qo‘chqor alohida aks etgan.
Bu jarayon o‘z yo‘liga, ammo eng qizig‘i shundaki, mazkur voqeliklar fonida kutilmaganda ichki kelishmovchiliklar ham bo‘y ko‘rsatdi. Daniya tarkibidagi muxtoriyat hisoblanadigan Grenlandiyaning yuqori rasmiy doiralarida Daniyadan ajralib chiqishga qaratilgan ishoralar paydo bo‘ldi. Joriy yilning 2 yanvar kuni orol Bosh vaziri Mute Egede o‘zining Yangi yil murojaatida dunyodagi eng katta orolning mustaqilligi haqida so‘z ochdi. U Daniya va Grenlandiya o‘rtasidagi hozirgi holatni mustamlakachilik deb nomlab, bu kishanlarda halos bo‘lish payti kelganini ochiq-oydin ta’kidladi. Uning aytishicha, so‘nggi bir necha yil ichida Grenlandiya parlamenti va hukumati Daniyadan ajralib chiqish uchun asos bo‘lgan konstitutsiyani ishlab chiqishda birgalikda ishlagan.
“Mamlakatimiz uchun navbatdagi qadamni tashlash vaqti keldi. Dunyoning boshqa davlatlari kabi biz ham mustamlakachilik davri kishanlari deb atashimiz mumkin bo‘lgan hamkorlikdagi to‘siqlarni olib tashlash, oldinga intilish ustida harakat qilishimiz kerak. Tarix va bugungi mavjud sharoitlar Daniya qirolligi bilan hamkorligimiz to‘liq tenglikni ta’minlamaganini ko‘rsatdi va agar biz Daniya konstitutsiyasiga tayanishda davom etsak, teng huquqli hamkorlikni yaratib bo‘lmaydi”, deyiladi Daniya va Grenlandiya tillarida chop etilgan murojaatda.
Tramp ham jiddiyligi borasida ulardan qolishmayapti
Daniya qirollik gerbi o‘zgartirilgani haqidagi xabarlar ortidan Tramp ham qator chora-tadbirlarni boshlab yubordi. Hammasi ayni mana shu nuqtada jiddiy tus ola boshladi. U 6 yanvar kuni o‘ziga qarashli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida o‘g‘lini Grenlandiyaga jo‘natishi haqida yozdi. Shuningdek, Tramp agar orol AQSHning bir qismiga aylansa, bu u yerdagi mahalliy aholiga “ulkan foyda” keltirishiga va’da berdi. Uning o‘g‘li kichik Donald Tramp orolning ma’muriy markazi bo‘lgan Nuuk shahriga bordi. Daniya Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni e’tiborga olganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu davlat ahamiyatidagi rasmiy tashrif bo‘lmagani uchun boshqa izoh bermasligini bildirdi.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen ham, Grenlandiya Bosh vaziri Mute Egede ham Qo‘shma Shtatlar bilan har qanday kelishuv ehtimolini rad etayotgan bir paytda, Tramp navbatdagi tahdidga qo‘l urdi. U Grenlandiyani nazorat ostiga olish yo‘lida harbiy harakatlarni amalga oshirish variantini istisno qilmadi. U Mar-a Lagoda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Panama va Grenlandiya bilan bog‘liq rejalari haqida gapirib, harbiy yoki iqtisodiy majburlovdan foydalanmaslikka kafolat berishdan ochiqchasiga bosh tortdi. Grenlandiya haqida gap ketganda, Tramp Daniyaga iqtisodiy qasos olish bilan tahdid qildi va agar bu davlat uning hududiy ambitsiyalariga qarshilik ko‘rsatsa, u “Daniyaga juda yuqori darajada tarif qo‘yishini” ta’kidladi.
Tramp Mar-a-Lagoda nutq qilayotgan bir paytda uning o‘g‘li kichik Donald Tramp Grenlandiyaning poytaxti Nuuk shahriga yetib borgandi. U yerga faqat sayyoh sifatida borganini da’vo qilganiga qaramay, kichik Tramp otasining siyosiy maydondagi eng mashhur shiori bo‘lgan “Grenlandiyani yana buyuk qiling” deb yozilgan bosh kiyimlarni tarqatgani aytilmoqda.
“Muz qoplagan” orol
Maydonining 80 foizi muz bilan qoplangan, hududi Germaniyanikidan 6 marta, O‘zbekistonnikidan esa 5 martaga katta bo‘lgan dunyodagi eng yirik orol – Grenlandiyada bor yo‘g‘i 56 ming aholi istiqomat qiladi. Bu O‘zbekistondagi kichik va ovloq bir tumanning aholisi bilan tengdir. Maydoni 2,1 million kvadrat metr bo‘lgan orol uchun 56 ming aholi anchagina nomutanosibligi shubhasiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur aholi ham asosan orolning janubi-g‘arbiy qismida istiqomat qiladi. Bugungi kunda Grenlandiya o‘zining boy resurslariga qaramay, har yili Kopengagendan taxminan 500 million yevro miqdoridagi moliyaviy subsidiya oladi. Orol tarixda bir necha bor Daniya nazoratiga olingan. XIV, XVIII asr va 1814 yil shular jumlasidandir. 1953 yilda esa Grenlandiya Daniyaga to‘liq qo‘shiladi. Biroq 1979 yilgi referendumdan so‘ng Grenlandiya Daniya tarkibidagi o‘zini o‘zi boshqaradigan muxtoriyatga aylandi. Ammo orolning erkinlik chegarasi bu nuqtada tugamadi. 2009 yilda o‘tkazilgan referendumdan so‘ng, Kopengagen “Grenlandiyaning uy boshqaruvi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu qonunga ko‘ra, orol faqatgina muvaffaqiyatli referendumdan so‘ng mustaqilligini e’lon qilishi mumkin.
“Politico” nashrining yozishicha, Grenlandiya bosh vaziri bunday referendum joriy yilning aprel oyida orolda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari bilan bir vaqtda o‘tkazilishi mumkinligiga shama qilgan.