Tramp G‘azoni “tekislash” bilan tahdid qildi

Tahlil

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp joriy yil davomida G‘azo va Ukrainadagi bosqinni bir zumda to‘xtatish va dunyodagi urushlarga yakun yasash kabi balandparvoz va’dalar bilan saylov kompaniyasini o‘ziga xos intriga bilan olib bordi. U bu kabi murakkab masalani qay tarzda yechishi va kimning foydasiga hal qilishini ochiqlamay keldi. Ammo saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Trampning bu boradagi rejalari asta-sekin ochiqlanib bormoqda. Masalan, ba’zi manbalar Yevropa yetakchilariga Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda hududiy yon berishga tayyor turishi lozimligi yetkazilgan, deya xabar berdi.

G‘azo masalasida esa Trampning o‘zi dastlabki tashlanajak qadamlarni ochiqlab qo‘ya qoldi. U 2025 yil 20 yanvarda rasman prezidentlik vakolatlarini amalga oshirishga kirishadigan kungacha HAMAS harakati tomonidan garovda saqlanayotgan 101 kishi ozod etilmasa, G‘azoni yanada halokatli kunlar kutishi haqida jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi. Aslida Tramp bu so‘zlarini o‘ziga qarashli Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida isroilliklarni asirga olganlar javobgar bo‘ladi, deb yozdi. Ya’ni bir qarashda bu gaplar HAMAS harakati a’zolariga qaratilgandek ko‘rinadi, albatta. Ammo 14 oydan buyon davom etayotgan sektordagi mislsiz qirg‘inlar shuni ko‘rsatdiki, HAMAS harakatini yo‘q qilish vaji bilan G‘azoga bostirib kirgan Isroil kuchlari harakat qolib, begunoh tinch aholini qatliom qilib kelmoqda. Shuning uchun Trampning asirlar bo‘yicha HAMASga qilgan tahdidi bevosita G‘azodagi tinch aholiga ham qaratilgan deyish mumkin. Chunki bordi-yu HAMAS Tramp tahdidini e’tiborsiz qoldirib, asirlarni qaytarmasa va harakatga qarshi hujum AQSHning saylangan prezidenti aytganidek yanada kuchayadigan bo‘lsa, bunda g‘azolik oddiy xalq yana qirg‘in nishoniga aylanmasligiga hech qanday kafolat yo‘q.

Tramp inauguratsiyadan oldin G‘azoda kelishuvga erishmoqchi

Oq uy rasmiylari AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishga o‘z mandatining so‘nggi kuniga qadar harakat qilishini ta’kidladi. U bu missiyani Oq uydagi oxirgi niyati etib belgilagani ham aytildi. Ammo dunyoning turli mintaqalarida AQSHning aralashuvida qonli urushlar ketayotgan mahal, 4 yillik prezidentlik muddatining deyarli teng yarmini ta’tilda o‘tkazgan qariya Jodan bunday natija kutish amri mahol. Shunday ekan, Tramp bu vazifani o‘z zimmasiga olishga tayyorligi aytilmoqda. Tramp bilan tez-tez gaplashib turadigan va unga tashqi siyosat, xususan, Yaqin Sharq bo‘yicha maslahatlar beradigan senator Lindsi Grem u garovga olinganlarni ozod qilish va urushni imkon qadar tezroq tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilishini istashini ma’lum qildi. Senatorga ko‘ra, Donald Tramp bu ish 20 yanvarda u o‘z lavozimiga kirishgunga qadar amalga oshishini istamoqda.

“Tramp 20 yanvar kuni lavozimga kirishidan oldin G‘azo sektorida sulh va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi. Tramp garovga olinganlarni ozod qilishda har qachongidan ham qat’iyroq. U garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvni o‘z ichiga olgan sulhni qo‘llab-quvvatlamoqda. U buni hozir amalga oshirmoqchi”, degan Grem.

Senatorga ko‘ra, G‘azoda HAMAS tomonidan 101 nafar garovga olingan odam bor va ularning yetti nafari Amerika fuqarosi. Qayd etilishicha, G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv AQSH Prezidenti Jo Baydenning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi, ammo so‘nggi haftalarda hech qanday oldinga siljish yo‘qligi, bu vazifa Trampniki bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Gremning ta’kidlashicha, Tramp Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalarni normallashtirishdan oldin G‘azo bo‘yicha kelishuvga muhtoj. Hoynahoy, Grem so‘nggi paytlarda ancha iziga tushgan va oldinga siljib borgan Saudiya va Isroil munosabatlari G‘azodagi voqealardan so‘ng, ortga ketganiga ishora qilgan. Shuningdek, senatorning qo‘shimcha qilishicha, mintaqada diplomatiya Trampning g‘alabasi tufayli osonlashadi, chunki odamlar undan qo‘rqishadi.

“Agar siz yomon odam bo‘lsangiz va Trampdan qo‘rqmasangiz, demak siz soqovsiz ham. Yomon va soqov yigitlar uzoq yashamaydi”, degan so‘zi oxirida u.

Asirlar ozodligi yoki G‘azo halokati

Lindsi Grem Tramp zudlik bilan G‘azoda sulhga va asirlarni ozod qilishga erishmoqchiligini ma’lum qilgandan so‘ng, AQSHning saylangan prezidenti bu boradagi ilk harakatlarini og‘zaki tarzda boshlab yubordi. Donald Tramp o‘ziga qarashli Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 2024 yil 20 yanvar kuni prezidentlik lavozimiga kelgunga qadar G‘azodagi isroillik asirlar ozod qilinmasa, jiddiy choralar ko‘rishga va’da berdi. Trampning bu bayonoti amaldagi Prezident Jo Baydenning Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni tugatish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarining samarasizligini tanqidi fonida yangradi.

“Hamma Yaqin Sharqda zo‘ravonlik, g‘ayriinsoniy va butun dunyo irodasiga qarshi garovga olinganlar haqida gapiradi. Lekin bu shunchaki gap-so‘z, ammo hech qanday harakat yo‘q! Garovga olinganlar 2025 yil 20 yanvargacha, ya’ni men g‘urur bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti lavozimini egallashga kirishgan sanadan oldin ozod etilmasa, Yaqin Sharqda insoniyatga qarshi bu vahshiyliklarni sodir etganlar qattiq javobgarlikka tortiladi. Aybdorlar Amerika Qo‘shma Shtatlarining uzoq tarixi davomida har qanday jazolanganlardan-da qattiqroq jazolanadi. Hoziroq garovga olinganlarni ozod qiling!” deb yozgan Tramp.

Ko‘rinib turibdiki, Tramp uchun G‘azodagi tinchlik va shu kungacha Isroil tomonidan qirib tashlangan 45 mingga yaqin tinch aholi va 105 mingdan ortiq jarohatlanganlardan ko‘ra, 101 nafar isroillik asirlarning taqdiri muhimroq. Albatta, ultra isroilparast Trampdan bundan ortig‘ini kutish ham mumkin emasdi. Sektordagi tinchlik sulhi esa unga shunchaki to‘xtab qolgan Saudiya va Isroil munosabatlarini qayta harakatlantirish uchungina kerakligi hech kimga sir emas.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp HAMAS G'azo masalasi 101 isroillik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing